17:40 / 22.01.2020
0
16136

Taxtiqoracha dovonidan o‘tuvchi avtomobil yo‘li vaqtincha yopildi

Bugun, 22 yanvar kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanidan Qashqadaryo viloyatiga o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega M-39 «Olmaota–Toshkent–Termiz» avtomobil yo‘lining Taxtiqoracha dovonidan o‘tgan qismida harakat yana vaqtincha to‘xtatildi.

Bu haqda Samarqand viloyat IIB YHXB axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Boshqarmaga ko‘ra, yo‘lning Taxtiqoracha dovonidan o‘tgan qismida qalin qor yog‘ib, yo‘lning qatnov qismida muzlama hosil bo‘lgan. Qor qalinligi 15-20 sm.ni tashkil etmoqda.

Shu sababli Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 2020 yil 22 yanvardagi xatini inobatga olgan holda avtotransport vositalarining harakatlanishi to‘xtatildi.

Samarqand viloyat IIB YHXB tomonidan ayni vaqtda yo‘lni qordan tozalash uchun avtogreyderlar, qum sepish uchun 4 ta«MAN» yuk avtomobillari, Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasidan ishchilar, viloyat IIB YHXBdan 8 nafar xodim va 4ta patrul avtomashinasi, viloyat FVBdan ham xodimlar va  avtotransport vositalari jalb etilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top