21:52 / 22.01.2020
0
5234

Tesla’ning kapitallashuvi ilk bor 100 mlrd dollardan oshdi

Tesla kapitallashuvi 100 mlrd dollarga yetgan AQShning ilk avtomobilsozlik kompaniyasi bo‘ldi. Biroq aytish joiz, bu natija oz fursat saqlanib, kompaniya narxi yana 100 mlrd dollardan pastroqqa tushib ketgan.    

Kompaniya aksiyalari narxi 21 yanvardagi birja savdolari vaqtida 7,2 foizga, keyinroq esa elektron savdolar vaqtida 1,2 foizga o‘sib, bir donasi uchun 555,1 dollargacha yetgan. Buning evaziga kompaniya kapitallashuvi 100,1 mlrd dollardan oshgan.   

Biroq Tesla bu rekord natijani uzoq saqlab qololmagan va 22 yanvarda uning aksiyalari 547,2 dollargacha arzonlashib, kapitallashuvi 98,2 mlrd dollargacha tushib ketgan. 

Shu tariqa, Tesla asoschisi va bosh direktori Ilon Maskning katta mukofot puli olishga imkoniyati yanada oshdi. Tadbirkor 2018 yilda yaqin 10 yil uchun qat'iy belgilangan maoshdan bosh tortib, uning ish haqi kompaniya moliyaviy ko‘rsatkichlariga bog‘lab qo‘yilgan. Kompaniya aksiyadorlari ma'qullagan shartnomaga ko‘ra, agar Tesla kapitallashuvi 100 mlrd dollardan oshsa va bu ko‘rsatkich yarim yil davomida saqlanib tursa, Mask 346 mln dollar mukofot puli oladi.

Agarda kompaniyaning bozor narxi 10 yil ichida 650 mlrd dollargacha yetsa va kompaniya rejalashtirilgan ko‘rsatkichlarga erishsa, tadbirkor 50 mlrd dollardan ko‘proq mukofot puli oladi.  

Tesla dekabr oxirida Xitoydagi ilk zavodida ishlab chiqarilgan birinchi elektrokarlarni o‘z mijozlariga yetkazib berdi. Hozirda kompaniya Yevropadagi ilk zavodini qurishga hozirlik ko‘rmoqda. Zavod Germaniyaning Gryunxayde kommunasi yaqinida quriladi. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top