14:35 / 23.01.2020
1
13207

«Bojxonachi ham matematik, ham fizik, ham kimyogar, ham psixolog bo‘lishi kerak» – Davlat bojxona qo‘mitasi raisi

22 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodlar ko‘rib chiqildi va ma'qullandi. 

Majlisda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga tavsiya etilgan Murodjon Azimovga deputat Rasul Kusherbayev pirotexnika vositalarining bojxonadan kirishiga alohida e'tibor qaratilishi, nazorat kuchaytirilishi haqida taklif berdi.

«To‘g‘ri aytdingiz, bu mavzu yuzasidan yangi yil oldidan juda ko‘p e'tirozlar bildirildi. Bu yerda men o‘zimni yoki tizimni oqlamoqchi emasman. Lekin juda ko‘p miqdorda pirotexnika vositalari ushlab qolingan. Ular bevosita bojxona nazorat punktidan o‘tmagan, lekin boshqa yo‘llardan o‘tib kelayotgani aniqlangan. Kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha chegara qo‘shinlari bilan birgalikda qattiq chorasini ko‘ramiz», - degan u bunga javoban.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bojxonaning kelajagini axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilishning imkoniyati yo‘qligini ta'kidladi.

«Kontrabandaga qarshi keskin kurash olib borganimizda o‘tgan yili 200 milliardga yaqin kontrabanda tovarlari ushlandi.  

Odamlarning soniga qaraydigan bo‘lsak ham 2016 yilda bojxona-chegara postlarida 14 million odam harakatlangan bo‘lsa, 2019 yilda 42 million 600 ming odam harakatlandi. Shtat o‘sha shtat. Lekin faqat axborot texnologiyalarini rivojlantirib, ularni nazorat qila olamiz. 

O‘zbekistonda rivojlanish bo‘layotgani, tovar aylanmasi kundan kunga ortayotgani sababli 2,5 millondan ortiq avtotransport vositalari chegara-bojxona postlarimizda harakatlandi. Albatta bu har bitta bojxonachidan faqat chegarada turishni emas, ham matematik, ham fizik, ham kimyogar, ham psixolog bo‘lishni talab qiladi», deya qo‘shimcha qildi Murodjon Azimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020-2021 yillarda bojxona ma'murchiligini takomillashtirish bo‘yicha 136 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top