23:30 / 25.01.2020
8
15310

Sud Paxtachi tuman hokimi qarorini bekor qildi: fermerning yeri qalbaki hujjat bilan olib qo‘yilgan

Ushbu holat Paxtachi tuman ma'muriy sudi U.Habibov raisligida o‘tgan sud majlisida ko‘rib chiqildi.

Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, «Fazenda Abdulla Amirtosh» fermer xo‘jaligi tuman hokimining 2019 yil 21 yanvar kunidagi qarori bilan tugatilib, yerlari zaxiraga olingan.

Fermer xo‘jalik raisi A.Tashev esa tuman ma'muriy sudiga ushbu qarorni haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida murojaat qilgan.

Yer maydoni 10 gektardan ortiq mazkur fermer xo‘jaligi 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lib, parrandachilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. 2019 yilda esa Paxtachi tuman hokimligi fermer xo‘jaligining arizachining «o‘z qarori va arizasi»ni asos qilib tugatish va yerlarini zaxiraga qaytarish bo‘yicha qaror chiqargan.

A.Tashev esa hech qanaqa ariza yozmagani, xo‘jalik qarorini chiqarmagani, hokimlik fermer xo‘jalik raisi nomidan qalbaki hujjat tayyorlagani va ana shu hujjat asosida noqonuniy qaror chiqarganini ma'lum qilgan.

Sud fermerning 2019 yil 15 yanvardagi qarori va arizasida qo‘yilgan imzolar masalasini hal etish uchun xatshunoslik ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi ajrim qabul qiladi. Uni ijro etish uchun Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Samarqand viloyat bo‘limiga yuboradi.

Sud ekspertizasi xulosasida haqiqatdan ham imzolar qalbaki ekani oydinlashadi. Shundan so‘ng, Paxtachi tumani hokimining 2019 yil 21 yanvardagi qarori haqiqiy emas deb topilib, fermerning huquqlari tiklanadigan bo‘ldi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top