15:19 / 26.01.2020
0
12822

Associated Press Trampning Moskva va Kiyev qarama-qarshiligi to‘g‘risidagi suhbati yozilgan videoyozuvni e'lon qildi

Foto: EPA-EFE/Yuri Gripas

Associated Press agentligi o‘zining YouTube-kanalida AQSh prezidenti Donald Trampning 2018 yilda Trump International Hotel’dagi kechki ziyofat vaqtidagi videoyozuvni e'lon qildi. Agentlikning ta'kidlashicha, ushbu ziyofatda Trampning shaxsiy advokati Rudolf Juliani bilan aloqador deb hisoblanuvchi biznesmenlar Lev Parnas va Igor Fruman ishtirok etgan.

Videoyozuv 1 soat 23 daqiqa bo‘lib, uni kim tasvirga olganiga aniqlik kiritilmagan. Agentlikning bildirishicha, uchrashuv vaqtida Tramp Ukraina AQSh yordamisiz «Rossiya tajovuzi»ga qancha vaqt qarshilik qila olishiga qiziqqan.

«Ular [Ukraina] Rossiyaga qarshi kurashga qancha vaqt dosh bera olishadi?», — deb savol beradi AP Tramp deb atayotgan kishi. So‘ngra u Mari Yovanovichni Amerikaning Ukrainadagi elchisi (u 2016 yildan 2019 yilgacha ushbu lavozimda bo‘lgan) lavozimidan bo‘shatish mavzusiga o‘tadi.

ABC News o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Tramp, Parnas va Fruman ishtirokidagi ziyofat 2018 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tgan.

Ziyofat ishtirokchilari shuningdek, Ukraina energetika bozori, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo faoliyati va sobiq prezidenti Jorj Bushning Yaqin Sharqdagi siyosatini muhokama qilgan, deb xabar bermoqda AP.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top