18:50 / 26.01.2020
0
8177

YeChL guruh bosqichi yulduzlaridan yana biri Germaniya chempionatiga o‘tdi

Zagrebning «Dinamo» klubi yarimhimoyachisi Dani Olmo «RB Leypsig» a'zosiga aylandi. Nemislar klubi 21 yoshli havbek transferini tasdiqladi, u bilan 2024 yil yoziga qadar shartnoma tuzilgan.

Avvalroq «Leypsig» ispaniyalik futbolchi uchun 30 mln yevro to‘lashi haqida aytilgandi. Bonuslar hisobiga bu summa 45 million yevrogacha yetishi mumkin.

Olmoning sotuvi «Dinamo» va butun xorvat futboli tarixidagi rekord transferga aylandi.

Nemislar klubi ushbu futbolchi uchun kurashda «Milan», «Vulverhempton» va «Barselona»ni ortda qoldirdi. Ma'lumot uchun, havbek kataloniyaliklar klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

«Espanol» va «Barselona» klublari akademiyalaridagi tahsildan keyin u o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun 2014 yilda Zagrebning «Dinamo» klubiga yo‘l olgan. Texnikasi kuchli, yuqori tezlikka va kuchli zarbaga ega bo‘lgan bu yarimhimoyachi 2018 yilda Xorvatiyaning eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etilgandi. Joriy mavsumda esa u o‘zini jahonga tanitdi, YeChL guruh bosqichida «Siti» darvozasiga yo‘llagan golidan keyin uni top-klublar ko‘z ostiga olib qo‘ydi, qolaversa Ispaniya terma jamoasiga ilk marta chaqiruv oldi. Xorvatiya chempionatida 9 o‘yinda 3 gol va 3 golli uzatmaga, Chempionlar ligasida esa 5 gol va 4 golli uzatmaga (saralash bosqichi qo‘shib hisoblanganda) mualliflik qilgan futbolchi yil yakunlariga ko‘ra Xorvatiya chempionatidagi eng yaxshi yosh futbolchi va eng yaxshi futbolchi sifatida taqdirlandi.

«Leypsig» imi-jimida qishning eng yaxshi transferlaridan birini amalga oshirdi

«Tottenhem» va «Inter» shov-shuvli transferni amalga oshirishga tayyorlanayotgan vaqtda, Leypsigdagilar Zagrebdan Yevropaning «kuchli beshlik» chempionatlaridan tashqaridagi eng yaxshi futbolchini safga qo‘shib olishdi. Dani Olmo «RB Leypsig»ga hozirgi bozor narxlarida ancha arzon hisoblanadigan 30 mln yevroga tushdi va jamoa asosiy muammosini hal qildi - vaziyatlar yaratuvchi ijodkor hujumkor futbolchi tarkibni to‘ldirdi. Yana bir qancha diqqatga sazovor jihatlar borki, ularga quyida to‘xtalib o‘tiladi.

Birinchidan, transfer kishibilmas amalga oshirildi. Chempionlar ligasidagi yorqin o‘yinlaridan keyin grand klublar e'tiboriga tushgan Olmo yana bir muddat Yevropa klublari nazaridan chetda qolganda nemislar bundan unumli foydalanishdi.

«Barselona» akademiyasida futbol sir-asrorlarini o‘rgangan Olmo jamoaning asosiy tarkibiga kira olmasligiga ko‘zi yetgach o‘zi uchun notanish Xorvatiyaga yo‘l oldi va bu yerda o‘yinini yanada kuchaytirdi: u yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatining finalidagi eng yaxshi futbolchi deb tan olindi; turnir ramziy terma jamoasidan o‘rin oldi; Chempionlar ligasining joriy mavsumdagi kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. 21 yoshli Danida ispan pasporti va «Barselona» tarbiyalanuvchisi ekani xaridor klublar uchun yana bir fazilat. Odatda bunday futbolchilar narxi 50 mln yevrodan boshlanadi, bunday futbolchilarning agenti esa erinmasdan narx bo‘yicha tortishadi. Ammo yuqori saviyaga ega bo‘lgan Olmo bilan bunday bo‘lmadi. Bu orqali piar bugungi kunda futbolchining o‘zidan qimmatroq turishi yana bir bor isbotlandi. 

Ikkinchidan, yosh va bo‘lajak yulduz futbolchining tanlovi shuni ko‘rsatmoqdaki, Yevropada futbol xaritasi o‘zgarmoqda. Yanada rivojlanishni istaydigan yosh futbolchilar markazlarga emas, megapolislarga yo‘l olishmoqda. Sharqiy Germaniyadagi Leypsig yagonamas, avvalroq YeChLning boshqa bir kashfiyoti Erling Holand Angliya yoki Ispaniya variantlari turganida shaxtyorlar shahri bo‘lmish Dortmundni tanlagandi, Martin Edegor esa Amsterdamning «Ayaks» variantidan voz kechib, 150 ming kishi yashaydigan San-Sebastyanga ravona bo‘lgandi. 

Zavodchilar shahri sharafini himoya qiluvchi «Volfsburg» klubi sardori Maksi Arnold bir safar buni shunday izohlagandi: «Volfsburg bo‘m-bo‘sh, tomosha qilishga arzigulik deyarli hech narsa yo‘q, ya'ni, hech narsa e'tiborni mashg‘ulotlardan chalg‘itmaydi». Arnold 25 yoshda, futbolchilarning yangi avlodida shunday professional kuzatilmoqda. 

Ushbu transferning yana bir e'tiborga molik jihati — atigi 30 mln yevroga amalga oshganida. «Leypsig» uchun bunday miqdordagi summa — arzimas miqdor; klub istalgan summani to‘lay oladigan darajada boy, lekin jamoa avvalroq Holand bilan bog‘liq vaziyatda ham ataylab auksionda ishtirok etmadi. Buni «RB» sun'iy jamoa bo‘lib qolishni istamayotgani bilan tushuntirish mumkin, nemislar grand klublar kabi shunchaki o‘z brendini suiiste'mol qilib yuz millionlab pullarni sovurishni istamayapti.

Boshqa tomondan, «Leypsig» strateg Ralf Rangnik boshchiligida muhim ijtimoiy-iqtisodiy tajriba o‘tkazmoqda. Klub aqlsizlik bilan pul sarflamasdan, noldan elitaga kirishga intilmoqchi. Olmoning transferi — bu tajriba muvaffaqiyati tomon qo‘yilgan navbatdagi qadam. Leypsig kelajakda yulduz futbolchi bo‘lishi kutilayotgan yosh iste'dodni qo‘lga kiritdi va tarkibini yanada kuchaytirdi, bu tarkibda ispaniyalik futbolchiga yanada rivojlanish imkoniyati taqdim etiladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top