08:00 / 29.01.2020
0
38889

Koronavirusdan yana 26 kishi vafot etdi. Virusdan zararlanish ko‘lami atipik zotiljamnikidan oshib ketdi

Foto: Pavel Mikheyev / Reuters

Xitoyda yangi koronavirusdan vafot etganlar soni bir kun ichida yana 26 nafarga ko‘payib, umumiy hisobda 132 nafarga, kasallanganlar soni esa 1459 nafarga ko‘payib, 5974 nafarga yetdi. Boshqa davlatlardagi kasallanganlar hisobga olinsa, butun dunyo bo‘ylab ushbu virusdan kasallanganlar soni 6052 nafarga yetdi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi. 

Mahalliy hokimiyat ma'lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning aksariyatini 60 yoshdan kattalar va avval boshqa kasalliklarga ega bo‘lganlar tashkil qilmoqda.

Shu bilan birga, 103 kishi koronavirusdan forig‘ bo‘lgan.

Xitoyda yangi koronavirus tarqalishi ko‘lami 2002-2003 yillarda kuzatilgan atipik zotiljam (SARS) epidemiyasi ko‘lamidan oshib ketdi.

Atipik zotiljamdan (SARS, og‘ir o‘tkir respirator sindrom) ilk kasallanish holati 2002 yil noyabrda Xitoyning Guandun provinsiyasida, oxirgisi 2003 yil iyunda qayd qilingandi. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyning qit'adagi qismida ushbu kasallikdan 5327 ta kasallanish holati qayd qilingan, 349 kishi vafot etgan. Hammasi bo‘lib 30 ta davlatda 8,5 ming kishi ushbu kasallikka chalingan, 900 dan ko‘proq kishi vafot etgan. 

Undan keyingi koronavirus – Yaqin Sharq virusi MERS-CoV tarqalishi 2012 yilda boshlanib, bir necha yil ichida 2494 kishini qamrab olgan, ulardan 858 nafari vafot etgan. MERS’dan eng ko‘p kasallanish holatlari Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreyada qayd qilingan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top