12:30 / 03.02.2020
7
27225

«Barchasini to‘g‘ri qilmoqda». Komilov AQShning Afg‘onistondagi harakatlariga baho berdi

O‘zbekiston AQShning Afg‘onistondagi siyosatini yuqori baholaydi. Bu haqda respublika tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralardan so‘ng jurnalistlar uchun tashkil etilgan brifingda aytib o‘tdi. 

Foto: TIV axborot xizmati

Abdulaziz Komilov Afg‘onistondagi xavfsizlikni ta'minlash masalasiga to‘xtaldi.

«AQShning Afg‘onistonda mavjudligi mintaqada tinchlikni ta'minlash, terrorizm va narkotrafik xavfini kamaytirish imkonini bermoqda. 

 Afg‘onistondagi urush 40 yildan buyon davom etmoqda. Bu vaqt ichida ziddiyatning tarkibi ham o‘zgarib ketdi, ishtirokchilar ko‘p bor almashdi, Afg‘onistondan tashqarida bo‘lgan turli manfaatlarga ega bo‘lgan tomonlar vaziyatga aralashdi.  Bu mojaroga birgina hujjat imzolash bilan barham berib bo‘lmaydi. Tinchlikka erishish jarayoni uzoq davom etishi mumkin.

Avvalambor, vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish muhim ahamiyatga ega. Sababi, bu bizning manfaatlarimizga, davlatning milliy xavfsizlik manfaatlariga aloqador. O‘zbekiston shu paytgacha juda ko‘p ish qildi. Aytish mumkinki, mamlakat ushbu barcha jarayonning bir qismiga aylandi», deya O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U O‘zbekiston AQShning Afg‘oniston siyosatiga yuqori baho berishini ta'kidladi.

«Turli izohlarga qaramay, AQShning ishtiroki ko‘p yillar davomida vaziyatni barqarorlashtiruvchi omil hisoblanadi hamda terrorizm, ekstremizm, legallashtirish, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va boshqa ko‘plab jiddiy chaqiriqlar hamda tahdidlarni tiyib turibdi. 

Biz AQSh va «Tolibon» harakati o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu yerda mavjud holatdan kelib chiqish kerak. Bu hisoblashish kerak bo‘lgan kuch, bu afg‘on jamiyatining bir qismi, unga e'tibor bermaslikning iloji yo‘q hamda bu noto‘g‘ri», dedi Abdulaziz Komilov. 

Komilov AQSh tomonidan qilinayotgan barcha xatti-harakat to‘g‘ri ekanini aytib o‘tdi. Uning bildirishicha, O‘zbekiston o‘z harakatlarini faqat bir maqsadda muvofiqlashtiradi - mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash va tinchlik jarayonida o‘z missiyasini bajarish.

«O‘zbekistonda bu jarayonda qandaydir muhim rolni o‘ynash kabi niyatlar yo‘q hamda mamlakat mintaqadagi vaziyatga real baho bermoqda. Biz afg‘on muammosini bitta turtki bilan hal qilish mumkin, deb o‘ylamaymiz. Ya'ni, kelishuv imzolash, uni stol ustiga qo‘yish va darhol bir qarorga kelish», deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top