11:33 / 03.02.2020
3
9992

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy strategiyasi e'lon qilindi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi loyihasi e'lon qilindi.

Foto: Shutterstock

Prezidentning bu boradagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi. Hujjat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

1. Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar hamda O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini hisobga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish.

2. 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirish.

3. O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar (qonun ustuvorligi, norma ijodkorligining sifati, hukumat faoliyatining samaradorligi, so‘z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari, global raqobatbardoshlik, innovatsiyaviy rivojlanish va boshqalar) bo‘yicha dunyoning 50 yetakchi mamlakatlari qatoriga kirishi.

4. Inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlarini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha davlat siyosatini monitoring qilish va baholash milliy tizimini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish.

5. Fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektor faoliyati va o‘zaro hamkorligining samaradorligini oshirish.

6. Jinoyatchilikni, ayniqsa odam savdosi, korrupsiya, uyushgan va transmilliy jinoyatchilikni oldini olish va bu illatlarga qarshi kurashish, shuningdek, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar va mahkumlarni saqlash joylari tizimida odil sudlovga va inson huquqlariga rioya etilishini ta'minlash.

7. Aholining zaif qatlamlarining huquqlarini himoya qilishni ta'minlash, davlat va jamiyatning alohida himoyasiga muhtoj bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmaganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularga xizmatlar sifatini oshirish.

8. Din, so‘z va fikr erkinligi, ma'lumot olish, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, gender tenglikni ta'minlash, barchaning sifatli ta'lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari, keksa odamlarning ijtimoiy integratsiyasi, bolalar va yoshlar, ayollar huquqlarini himoya qilish sohalaridagi huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish.

9. Oila institutini, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashishni huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa jihatdan qo‘llab-quvvatlash darajasini oshirish.

10. Insonning iqtisodiy huquqlarini ta'minlash, xususiy mulkchilikni rivojlantirish, raqobatbardosh bozorlarni yaratish va biznes yuritish uchun teng sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikchilik aloqalarini rivojlantirish.

11. Ta'limning sifati va barcha darajadagi qamrovini oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, iqtisodiyot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda o‘quv tizimining moslashuvchanligini ta'minlash.

12. Inson huquqlari sohasida axborot-ma'rifiy va ta'lim faoliyatining sifati va manzilligini yaxshilash, aholining huquqiy savodhonligini va inson huquqlari madaniyatini oshirish.

13. Davlatlararo munosabatlarni, xalqaro, xorijiy va nohukumat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik va aloqalarni uyg‘unlashtirish, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomaviy organlarning tavsiyalarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun innovatsion tamoyillarni joriy etish.

14. O‘zbekiston Respublikasining BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a'zoligiga saylanishini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top