11:17 / 05.02.2020
0
18060

Boysundagi savdo kompleksida yong‘in, 36ta do‘konga zarar yetdi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi «Ibodullo bobo» kichik xususiy korxonasiga qarashli savdo kompleksida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 253 ta savdo do‘konining 36 tasiga zarar yetgan.

2020 yilning 5 fevral kuni soat 03:00larda «Tuzbozor» mahallasi hududidagi, mahalliy tilda «Chabella bozori» deb ataluvchi savdo kompleksida yong‘in sodir bo‘lgan yong‘in haqida viloyat hokimligi axborot xizmati birlamchi ma'lumotlarni taqdim etdi.

Surxondaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tezkor boshqaruv markazi xabariga ko‘ra, yong‘in haqida xabar soat 03:00 da tushgan va yong‘in joyiga soat 03:07 da birinchi yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yetib borgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 03:37 da o‘rab olinib, 03:55 da o‘chirilgan.

Jami 253 ta savdo do‘konining 217 tasi — umumiy 1.867 kv.m maydonning 1267 kv.m qismi yong‘indan saqlab qolingan. 

36 ta savdo do‘koni, umumiy maydonning 600 kv.m qismi yong‘indan zarar ko‘rgan. Hozirda yong‘in sababi aniqlanmoqda. Tan jarohati olganlar yo‘q. Qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etiladi, — deb xabar bermoqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top