15:14 / 05.02.2020
3
27344

Pensiya islohoti konsepsiyasi loyihasida pensiya yoshini oshirish ko‘zda tutilmagan - Pensiya jamg‘armasi

Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda pensiya yoshi oshirilishi to‘g‘risida ma'lumotlar tarqaldi

Foto: KUN.UZ

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019 yil 21 noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Moliya vazirligiga 2020 yil 1 aprelga qadar tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Pensiya jamg‘armasi xabariga ko‘ra, hozirgi kunda jamg‘arma nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari, xususan Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi va Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligining ilmiy tadqiqotlar instituti ekspertlarini jalb qilgan holda xorijiy mamlakatlarda pensiya ta'minotini, shu jumladan 3 bosqichli ta'minoti pensiya tizimini tashkil qilish tajribalarini o‘rganmoqda.

Ishlab chiqilayotgan Konsepsiya loyihasida aholini ijtimoiy himoya mustahkamlashga xizmat qilib, asosiy e'tibor pensiya miqdorini oshirishga, iqtisodiy faol aholini ijtimoiy sug‘urta tizimi orqali qamrovini kengaytirishga qaratiladi. Bundan tashqari, innovatsion texnologiyalarni joriy etib, faqat pasport asosida pensiya tayinlash, elektron murojaatlar asosida markazlashgan holda tayinlash va to‘lash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

“Alohida ta'kidlash lozimki, ushbu Konsepsiya loyihasida pensiya yoshini oshirish ko‘zda tutilmagan. Konsepsiya loyihasini ishlab chiqish nihoyasiga yetgach, mazkur loyiha o‘rnatilgan tartibda umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi”, - deyiladi Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabarida.

Ma'lumot uchun: 2011 yildan 2019 yilgacha O‘zbekistondagi pensionerlar soni 2,4 baravarga oshdi. 2019 yilda ular 339 ming kishiga ko‘paydi. Bunda rasman ish bilan band aholi – 4,76 mln kishi, ular iqtisodiy jihatdan faol aholining 32,5 foizini tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top