22:18 / 05.02.2020
1
14876

Tanzila Norboyeva: Harbiylarning paxtaga chiqishi vaqtinchalik chora edi, endi bunday bo‘lmaydi

Paxtaga davlat buyurtmasi bekor qilinishi, davlat bundan keyin paxta yetishtirishga umuman aralashmasligini anglatadi. Paxta yetishtirish tadbirkor va fermerlar zimmasiga tushadi. Senat raisi Tanzila Norboyeva Kun.uz muxbiri savollariga javob berar ekan, shunday fikrlarni bildirdi.

— O‘tgan yili viloyat hokimliklari hasharni suiiste'mol qilgan holatlar ko‘payib qoldi. Shu borada izoh bera olasizmi? Bu yil qanaqa bo‘ladi, nima deb o‘ylaysiz?

— Hashar bu – milliy qadriyatimiz hisoblanadi. Lekin milliy qadriyatimizning targ‘iboti to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, hashar yo‘li bilan xayrli ish qilish ilgaridan odamlarimizning tabiatida bor. Lekin bu jarayonni suiiste'mol qilib, odamlarni majburlab chiqaradigan bo‘lsa, bu albatta, majburiy mehnatga ham kirib qoladi.

— O‘tgan yili paxta terimiga ichki ishlar idoralari xodimlari, harbiylarning jalb etilishi kuzatildi. Bularga bu yil barham beriladimi?

— Albatta, barham beriladi. Bu vaqtincha chora edi. Yillar davomida hamma paxtaga jalb qilinar edi. Lekin, ko‘rdingizki, barcha paxtadan chetlatildi. Faqatgina odamlarni, ularning xohishlariga qarab yollash holatlari bor va bu yaxshi to‘lovlar asosida amalga oshdi.

Davlat rahbarining kuni kecha (4 fevral –tahr.) o‘tkazgan yig‘ilishdagi topshiriqlariga binoan, bu yildan boshlab paxtaga davlat buyurtmasi bekor qilinadi. Demak, bu tadbirkorlar qo‘liga o‘tadi. Klasterlar rahbarlari, fermerlarimiz ish bilan band bo‘lmagan aholini, yaxshi to‘lov va xohishi asosida, yaxshi mehnat sharoitlarini yaratgan holda jalb qilishi mumkin. Shunda davlat aralashuvi mutlaqo bo‘lmaydi. Bu degani harbiylar ham chiqmaydi, boshqa tizimlar ham aralashmaydi. Bu biznes zimmasiga o‘tib ketadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top