07:56 / 05.02.2020
10
43334

Turkiyaning eng nufuzli universitetlarida bepul o‘qish dasturi uchun hujjatlar qabuli davom etmoqda

Turkiyaning eng nufuzli oliy ta'lim muassasalarida mutlaqo bepul ta'lim olish uchun hujjatlar qabuli 20 fevralgacha davom etadi. Ta'lim grantlari bakalavriat, magistratura, doktorantura kabi akademik darajalar uchun birdek qabul qilinadi. Grant tanlangan yo‘nalish bo‘yicha o‘quv muddati, turk tilini o‘rganish o‘quv kursini (1 yil) va boshqa xarajatlarni o‘z ichiga oladi.

4 fevral kuni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqida Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari va YoI Markaziy kengashi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Turkiya oliy ta'lim maskanlarida bepul ta'lim grantlariga bag‘ishlangan tadbirda Xorijiy turklar va qardosh jamoalar boshqarmasi boshlig‘i Ahmad Atabash rahbarligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, anjumanda «TÜRKİYE BURSLARI 2020» davlat dasturiga doir axborot berilib, Turkiya hukumati ta'lim grantlariga o‘zbekistonlik yoshlardan hujjatlar qabuli davom etayotgani e'lon qilindi. Hujjatlar 20 fevralga qadar qabul qilinadi.

Ta'kidlanishicha, grant sohibi bo‘lgan yoshlar Turkiyadagi eng nufuzli universitetlarda to‘liq bepul oliy ta'lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Hujjatlar ko‘rsatilgan sanagacha https://www.turkiyeburslari.gov.tr/ veb-sahifasi orqali onlayn qabul qilinadi. Buning uchun murojaat etuvchi zaruriy ma'lumotlar va hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yishi va onlayn yuklashlari kerak.

Bakalavr yo‘nalishiga hujjat topshiruvchilar o‘rta maktab, akademik litsey yoki kollej bitiruvchisi bo‘lishi va diplom yoki attestatidagi baholar umumiy ko‘rsatkichi 70 ball va undan yuqori bo‘lishi zarur. Shundagina ular keyingi tanlov bosqichiga chiqishadi.

Bu safar grant sohiblari yuzma-yuz muloqot orqali aniqlanadi. Hujjat topshirganlar soni haddan ortiq ko‘pchilikni tashkil etgan taqdirda, ulardan yozma imtihon olinishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Xo‘sh, Turkiya hukumati davlat grantlari qanday xarajatlarni o‘z ichiga oladi?

Xorijiy turklar va qardosh jamoalar boshqarmasi boshlig‘i Ahmad Atabashning so‘zlariga ko‘ra, grant sohibi bo‘lganlar bir marta borish va tahsilni tugatgandan keyingi aviachipta, bir yillik turk tili o‘quv kursi, ta'lim to‘lovlari, turar joy, oylik stipendiyalar, barcha tibbiy muassasalarda qabul qilinadigan umumiy tibbiy sug‘urta bilan ta'minlanadi.

Shuningdek, bu yilgi grant dasturida talabgorlardan 4 ming kishiga grant ajratilishi ma'lum qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top