18:36 / 08.02.2020
0
35373

Tailandda harbiy xizmatchi 10dan ortiq kishini otib o‘ldirdi

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, u savdo markazining to‘rtinchi qavatiga yashiringan va 16 kishini garovda ushlab turibdi.

Foto: Videodan kadr

Tailand shimolidagi Nakxonratchasima shahrida harbiy xizmatchining otishma uyushtirishi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Bangkok Post gazetasi xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, hodisa natijasida ko‘plab kishilar jarohatlangan, ammo ularning aniq soni keltirilmayapti. 

Askar dastlab harbiy lagerda o‘z komandiri va ikki kishini otib tashlagan, so‘ngra mashinaga o‘tirib qochib ketgan. U Muang rayonidagi "Terminal-21" savdo markaziga yo‘l olgan va u yerga yetib borguncha yo‘lida uchragan o‘tkinchilarni o‘qqa tutgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, u savdo markazining to‘rtinchi qavatiga yashiringan va 16 kishini garovda ushlab turibdi.

Askar savdo markazidagi harakatlarini Facebook orqali jonli tarzda namoyish etgan. Oradan bir oz vaqt o‘tib uning sahifasi bloklangan. Harbiylarning ma'lumot berishlaricha, u Chakrapant Txomma ismli kapraldir.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top