08:05 / 08.02.2020
2
36824

Trampdan yana bir migratsion cheklov: navbat talabalarga

Donald Tramp hukumatining migratsiya bilan bog‘liq navbatdagi qarori bilan xorijlik talabalarning AQShda qolish muddati cheklanishi mumkin.

Foto: The Washington Post/Getty Images

Forbes`ning yozishicha, bu – talabaning o‘qish davomida Qo‘shma Shtatlarda bo‘lishi muddatini qisqartiradigan yangi qoida joriy etilayotgan bilan bog‘liq.

Amaldagi tartibga binoan, talaba AQSh hududiga kelganidan keyin to o‘qishini tugatguncha undan hech qanaqa qo‘shimcha ruxsatnoma talab qilinmaydi.

Ko‘rib chiqilayotgan taklifga asosan esa, talabaning AQShda qolishi uchun maksimum muddat qonuniy tarzda belgilab qo‘yiladi.

Maksimum muddatning belgilab qo‘yilishi talabalar uchun noaniqliklarni ko‘paytiradi. Endi ular o‘qishning boshqa bosqichiga o‘tishsa, aytaylik, bakalavriatdan magistraturaga o‘tishgani uchun yangi ruxsatnoma olishlariga to‘g‘ri keladi.

Yoki o‘quv yili kutilganidan uzoqroq cho‘zilib ketsa ham, ruxsatnomani yangilashga to‘g‘ri keladi.

Ta'lim tashkilotlaridan olingan so‘rov natijalariga ko‘ra, AQShda qolish muddatini cho‘zdirish talabaga har safar ortiqcha 1 500 dollar yoki undan ko‘proqqa tushishi mumkin.

Qo‘shimchasiga, talabalar USCIS (AQSh Fuqarolik va migratsiya xizmatlari tashkiloti) tomonidan qolish muddatini cho‘zishga doir talablarining rad etilishi holatlariga ham duch kelishlari mumkin.

Masalan, hozir aynan shu muammo H-1B vizasiga ega xorijliklar bilan tez-tez kuzatilyapti. Bu viza AQShda 3 yil ishlash huquqini beradi va uning muddatini yana 3yilga cho‘zdirish mumkin. Ammo muddatni cho‘zdirish uchun berilgan arizalarning rad etilishi holatlari ko‘payib boryapti.

O‘z navbatida, ta'lim tashkilotlari va tahlilchilar oxirgi paytlarda Qo‘shma Shtatlarda xalqaro talabalar foizining kamaygani uchun migratsiyani cheklash siyosatini yuritayotgan Trampni ayblashyapti. Chunki yangi qoidalar talabalar uchun xarajatlarni ko‘paytiradi, bu esa o‘z navbatidan xorijdan Amerikaga studentlar oqimini pasaytiradi.

Boz ustiga, USCIS ham juda ko‘p talabaning qolish muddatini cho‘zdirish talabini birday qondira olmasligi ehtimoldan yiroq emas. Natijada talaba muddatni uzaytirish uchun hatto bir yil oldindan harakat boshlashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Agar talaba muddatni uzaytirish arizasini to‘ldirsa-yu, biroq USCIS uni vaqtida ko‘rib chiqishga ulgurmasa, unda talaba to davlatni tark etgunicha yana qator muammolarga yo‘liqishi mumkin.

«Agar men ariza topshirgan bo‘lsam-u, lekin tashkilot uni o‘z vaqtida ko‘rib chiqishga ulgurmasa, nima bo‘ladi?» deya berilgan savolga USCIS quyidagicha javob qaytargan: unda Ichki ishlar vazirligi (DHS) seni davlatdan chiqarib yuborish uchun qonuniy chora qo‘llashi mumkin.

Amerikada o‘qish narxlari oshib, turli noaniqliklar paydo bo‘layotgan bir paytda boshqa davlatlarda chet ellik talabalar foizi ortib boryapti. Masalan, Kanada va Avstraliyada bu borada o‘sish kuzatilmoqda. Shunday sharoitda, Trampning migratsiyani cheklash siyosati xorijlik yoshlarning AQShda o‘qishga bo‘lgan qiziqishini susaytirishi ehtimoli yo‘q emas.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top