19:53 / 12.02.2020
0
30929

Geynrix porlagan turnir. Doha-2006 ishtirokchilari hozir qayerda?

Bundan 14 yil avval – 2006 yilgi Osiyo O‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston olimpiya jamoasi muxlislarga unutilmas onlarni taqdim etish bilan birga o‘zbek futboliga endi kirib kela boshlagan yangi iqtidorlarni ham tanishtirgan.

Foto: Getty Images

Rauf Inileyev qo‘l ostida ajoyib seyvlari bilan tanila boshlagan Nesterov, o‘ng qanotdagi Inomov-Magdiyev tezkorligi, chap qanotdagi Suyunov-Denisov reydlari, 21 yoshli Aziz Haydarovning tanilishi, 22 yoshli Geynrixning porlashi...

Doha-2006da vakillarimiz tarixiy natija qayd eta olmagan bo‘lishsa-da, bu jamoani barchamiz yaxshi xotiralar bilan eslaymiz. Ular hozir qayerda?

Ignatiy Nesterov

Doha-2006 turniri 23 yoshli Ignatiy Nesterov uchun faoliyatidagi ilk eng muhim turnir bo‘lgan. To‘g‘ri, Nesterov 21 yoshida Xitoydagi Osiyo Kubogi-2004da yo‘l olgan, ammo asosiy darvozabon sifatida yurtimiz sharafini aynan Qatardagi turnirdan boshlab himoya qilgan. 4 o‘yinda o‘z darvozasidan 4ta gol o‘tkazib yuborgan Nesterov, aynan ushbu turnirdan so‘ng milliy jamoaning asosiy posboni sifatida chaqirila boshlagandi.

36 yoshli posbon hozirda Toshkentning «Lokomotiv» klubi sharafini himoya qilmoqda. U Osiyo Kubogi-2019dan keyin O‘zbekiston milliy jamoasi safidagi faoliyatiga yakun yasamoqchi ekanligini aytgan bo‘lsa-da, hozircha rasman e'lon qilganicha yo‘q.

Islom Inomov

Qatardagi turnirda o‘ng qanot himoyada yorqin o‘yin namoyish etgan futbolchi Islom Inomov bo‘lgandi. 22 yoshidayoq «Paxtakor» jamoasi safida o‘ng qanotni egallab olgan futbolchi Dohadagi turnirda olimpiya jamoamiz sharafini munosib himoya qilgan. Islom turnir davomida o‘ng qanot chizig‘ida Eldor Magdiyev bilan o‘ziga xos tandemga aylana olgandi. Himoya bilan birga hujumda ham faol qatnashardi.

35 yoshli Islom Inomov bugunga kelib faoliyatini yakunlagan. Sobiq futbolchi Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan. Shu bilan birga Islom murabbiylar kurslarida qatnashib, «B» litsenziyasiga o‘qimoqda.

 Aleksanr Kletskov

«Paxtakor» klubi 2006 yilda O‘zbekiston olimpiya jamoasining bazasiga aylanib ulgurgan edi. Shu bois, mamlakat jamoasining juda ko‘p futbolchilari aynan ushbu klub a'zolari sanalardi. 21 yoshli Kletskov ham klubi safida zaxirada qolsa-da, O‘zbekiston olimpiya jamoasiga asosiy tarkibdan joy olgandi. Himoya markazida Asror Aliqulov bilan juftlik hosil qilgan Sashaning ayniqsa, ikkinchi qavatdagi kurashlarda bo‘ydor ekanligi asqotardi.

Hozirda 35 yoshni qarshi olgan Kletskov bundan uch yil avval faoliyatini yakunladi. «Paxtakor» sobiq futbolchisi bugungi kunda «Paxtakor-junior» xususiy futbol maktabda bolalar murabbiyi sifatida faoliyat olib bormoqda.

 Asror Aliqulov

Jamoa safidan joy olgan uch nafar 23 yoshdan katta yoshli futbolchilardan biri Asror Aliqulov edi. Dohadagi turnirda 28 yoshda bo‘lgan Asror himoya markazidagi asosiy figura sanalardi. U tajribali futbolchi sifatida asosan 20-22 yoshli himoyachilardan iborat jamoaning himoya qo‘rg‘onini boshqarishi talab etilardi. Asror guruh bosqichini yaxshi o‘tkazgan bo‘lsa-da, Iroqqa qarshi chorak final bahsining qo‘shimcha bo‘limida bosh hakam tomonidan qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgani, qimmatga tushgandi...

41 yoshli sobiq futbolchi o‘tgan mavsum «Mash'al» jamoasi bosh murabbiyi sifatida klubni Superligaga olib chiqqan bo‘lsa, 2020 yilda «Sho‘rtan» bosh murabbiyiga aylandi.

Ilhom Suyunov

O‘zbek futbolidagi eng yaxshi chap qanot himoyachilaridan biri bo‘lgan Ilhom Suyunov ham Ignatiy Nesterov, Islom Inomov kabi Qatardagi turnirdan avval yoshlar o‘rtasidagi 2003 yilgi jahon chempionatida qatnashgandi. Qatardagi turnirda chap qanot himoyasida to‘p surgan Ilhom yarimhimoyada to‘p surgan Vitaliy Denisov bilan yaxshi til topishgandi. Suyunovning kuchli zarbalari hali-hamon muxlislar yodida.

Bir necha yil oldin faoliyatini yakunlagan Ilhom Suyunov hozirga kelib o‘zbek futbolidan uzoqlashgan. 37 yoshli sobiq futbolchi hozirda Sirdaryo viloyatida xususiy tadbirkor sifatida faoliyat olib bormoqda.

Aziz Haydarov

2006 yilgi mavsum oldidan o‘rtamiyona «Lokomotiv» safidan taklif etilgan Aziz Haydarov Dohadagi turnirda ajoyib o‘yinlari bilan muxlislarga tanilgandi. Tayanch yarimhimoyasida Aziz va Temur Kapadze yaxshi tandem hosil qilgandi. 2019 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagan Haydarov bugunga kelib O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida terma jamoalar markazi rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda.

Temur Kapadze

Ushbu futbolchining faoliyati haqida ortiqcha to‘xtalish shart emas. Dohadagi turnirda ham Temur jamoaning eng yaxshi futbolchilaridan biri edi. Uch nafar yoshi katta futbolchilardan biri sifatida tajribali futbolchi maydon markazida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirardi.

Hozirda murabbiyga aylangan sobiq futbolchi O‘zbekiston U19 jamoasiga ustozlik qilmoqda.

 Vitaliy Denisov

Nijniy Novgorodning «Spartak» klubidan taklif etilgan 19 yoshli Vitaliy Denisov aynan ushbu turnir orqali o‘zbekistonlik muxlislarga tanila boshlagandi. Inileyev bu musobaqada Denisovni yarimhimoya chizig‘ida sinagan, Vitaliy chempionatda kiritilgan 7ta golimizdan bittasi – 3-turdagi O‘zbekiston – Iordaniya (3:1) bahsida gol muallifi bo‘lgandi.

Hozirga kelib 33 yoshni qarshi olgan hamyurtimiz yaqinda Rossiyaning «Rotor» klubi a'zosiga aylangandi. Futbolchi ushbu mavsumda Volgagrad klubi bilan Premer-ligaga chiqishga harakat qiladi.

 Eldor Magdiyev

«Paxtakor»ning 22 yoshli hujumkor yarimhimoyachisi Eldor Magdiyev Dohadagi Osiyo O‘yinlarida jamoamiz yetakchilaridan biriga aylana olgandi. Uning o‘ng qanot yarimhimoyasidagi o‘ziga xos reydlari, uzatmalari jamoa muvaffaqiyatiga xizmat qilgan.

Futbolchilik faoliyatini bir necha yil oldin yakunlagan Eldor Magdiyev hozirgi paytda bolalar murabbiyi sifatida Toshkentdagi Chig‘aytoy futbol maktabida faoliyat olib bormoqda. Bu yil 36 yoshni qarshi oladigan sobiq futbolchi murabbiylar kursida tahsil olib, «A» litsenziyasini qo‘lga kiritish arafasida turibdi.

 Server Jeparov

Ushbu jamoadagi yoshi katta uch nafar futbolchidan yana biri Server Jeparov edi. Hujumlarni tashkil etish va standart vaziyatlari ustasi bo‘lgan Jeparov jamoa gollarining aksariyatida hammualliflik qilgan. Qolaversa, guruh bosqichida Iordaniya darvozasiga kiritilgan uchta goldan birini o‘z nomiga yozib qo‘ygandi.

Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Server 2019 yilda «Metallurg» klubida faoliyatini yakunladi. Jeparov ayni damda O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi (U-16) bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib bormoqda.

 Aleksandr Geynrix

O‘zbek futbolining eng yaxshi hujumchilaridan biri bo‘lgan Aleksandr Geynrix Qatardagi Osiyo O‘yinlarigacha 2003 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashgan, 2004 yilgi Osiyo Kubogida to‘p surgan bo‘lsa-da, aynan Doha-2006da yarq etib porladi. Musobaqaga Moskvaning «Torpedo» klubi hujumchisi sifatida tashrif buyurgan 22 yoshli Geynrix turnir davomida jamoamiz kiritgan 7ta goldan 5tasiga mualliflik qildi va eng yaxshi to‘purarlar bahsida 2-o‘rinni oldi.

Jumladan, 1-turdagi BAA – O‘zbekiston (1:2) o‘yinida dubli evaziga ilk g‘alabani taqdim etgan bo‘lsa, 2-turda mezbon va yakunda chempion bo‘lgan Qatarga qarshi bahsdagi yagona goli bilan O‘zbekistonga 3 ochko keltirdi. 3-turda esa Iordaniya ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alabada dastlabki golga mualliflik qildi.

Chorak finaldagi Iroq bilan o‘yinda ham aynan Geynrix ajoyib goli evaziga hisobni tenglashtirgan bo‘lsa-da, qo‘shimcha bo‘limlarda bir kishi kam bo‘lib qolgan vakillarimiz Iroqqa 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani alamli tarzda tark etishgandi.

Butsasini mixga ilgan Geynrix 2019 yilda Qozog‘istonning «Aktobe» klubida dastlab seleksioner-murabbiy, ko‘p o‘tmay jamoa boshlig‘i lavozimida faoliyat boshlagan edi.

Doha-2006 Osiyo o‘yinlaridagi natijamiz:

«A» guruhi
1-tur.
 BAA – O‘zbekiston - 1:2
Gollar: Saqer 69 – Geynrix 44, 55

2-tur. Qatar – O‘zbekiston - 0:1
Gollar: Geynrix 67

3-tur. O‘zbekiston – Iordaniya - 3:1
Gollar: Geynrix 11, Denisov 47, Jeparov 74 – Al-Saifiy 35.

Chorak final.
O‘zbekiston – Iroq - 1:2
Gollar: Geyrix 45+1 – Jassim 10, Mansur 95.

Usmon Ibodov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top