18:09 / 12.02.2020
0
21762

Muhojirlikdagi halol va ozoda mehnat: Kiyevda ishlayotgan andijonlik yigitlar haqida

Andijon viloyatida tug‘ilgan ikki nafar hamyurtimiz bir necha yildan buyon Ukraina poytaxtidagi fast-fud shoxobchasida mehnat qilishadi.

Kun.uz muxbirlari Ukrainaga safari davomida qator vatandoshlar bilan uchrashib, ularning kundalik ish faoliyati bilan tanishdi.

Andijonlik yigitlar – Alisher Abdusalomov va Muhammadali Ismatullayev bir necha yildan beri Kiyevning «Pecherska» metro stansiyasi yonidagi «Myaso & Lavasch» tezkor ovqatlanish shoxobchasida mehnat qilishmoqda.

Ular ertalab soat 8:00dan kech soat 20:00gacha mijozlarga shaurma, gamburger va boshqa taomlarni tezkor tayyorlab berishadi. Yigitlarning aytishicha, ular O‘zbekistonga qaytib, shu kasbdagi ishlarini davom ettirishni niyat qilishgan.

«Kiyevda 5-6 yildan beri ishlayapmiz. Tozalik, ozodalik – ishimizda birinchi o‘rinda turadi. Nasib qilsa, bu ishlarni O‘zbekistonda ham davom ettirish niyatimiz bor. Ish beruvchimiz ham, mijozlar ham bizdan mamnun», – deydi Alisher Abdusalomov.

Hamyurtlarimiz musofirchilikda yurishgan bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi yangiliklarni muntazam kuzatib borishadi. Kiyevga safarimiz davomida biz bilan bog‘lanib, samimiy suhbat qurish niyatida ekanliklarini aytishdi.

«O‘zbekistondagi yangiliklarni kuzatib boramiz, Kun.uz orqali o‘qib turamiz. Ish bilan mashg‘ul bo‘lib, dunyo yangiliklaridan bexabar qolish ham yaxshimas, albatta», – deydi Alisher Abdusalomov.

Tezkor ovqatlanish shoxobchasida ish qizg‘in, mijozlar ko‘p, yigitlar qo‘li-qo‘liga tegmasdan kuniga 12 soat tikka turib, mehnat qilishadi. Ish sharoiti murakkab bo‘lsa-da, noliydigan odam yo‘q. Chunki ish haqi ham shunga munosib tarzda to‘lanyapti. Ular yil davomida 5-6 oy ishlab, keyin yana O‘zbekistonga qaytishadi.

«Biz Kiyevda yil davomida 5-6 oy ishlaymiz, keyin uyga qaytamiz. Borganimizda o‘zgarishlar ko‘pligining guvohi bo‘lamiz. Uyga qaytganimizda bundan albatta xursand bo‘lamiz, buni yashirmaymiz», – deydi Alisher Abdusalomov.

«Pecherska» metro stansiyasi Kiyev shahrining markazida, aholi gavjum chorrahada joylashgan. Demak, tezkor ovqatlanish shoxobchasi uchun qulay joy tanlangani ko‘rinib turibdi.

Ish orasida hamyurtlarimiz bilan qisqa muddat samimiy gaplashib oldik. Yakunda «Qandingizni uring yigitlar, mehnat qilgan odam hech qachon, hech qayerda kam bo‘lmagan!», degan tilak bilan xayrlashdik.

Nurmuhammad Said, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top