21:36 / 12.02.2020
0
7127

O‘zbekistonda MChJlarga obligatsiya chiqarish huquqi berilmoqda

O‘zbekistondagi obligatsiyalar miqdori Qozog‘istondagidan 2050 barobarga, Rossiyadagidan esa 14850 barobarga kam.

O‘zbekistonda faqat aksiyadorlik jamiyatlari va tijorat banklarigina korporativ obligatsiya chiqarish huquqiga ega. Endilikda mas'uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlarga ham bunday imkoniyat berilishi kutilyapti.

Tegishli qonun loyihasi 12 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarovning ma'lumot berishicha, obligatsiyalar miqdori bugungi kunda O‘zbekistonda 20 million AQSh dollari atrofida baholanadi.

Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 41 milliard dollar, Rossiyada esa 297 milliard dollarni tashkil etadi.

Sharofiddin Nazarov

«Bu nafaqat faol investitsion faoliyat, balki to‘laqonli monetar siyosatni amalga oshirishda jiddiy muammolar keltirib chiqaradi.

Mazkur muammolarning dolzarbligini hisobga olgan holda taklif etilgan loyiha bilan ma'suliyati cheklangan va qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlarga  tashqi audit va boshqa ma'lumotlarni oshkor qilgan holda barcha talablarga rioya qilish sharti bilan korporativ obligatsiyalar chiqarish huquqi berilmoqda», – dedi Sharofiddin Nazarov.

Qonun loyihasi qo‘shimchalar kiritish va mukammallashtirish sharti bilan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan parlamentga kiritilgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top