19:58 / 13.02.2020
0
4799

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda texnoparklar qurish loyihalarining ijrosi ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 fevral kuni axborot texnologiyalarini rivojlantirish, buning uchun zamonaviy infratuzilma yaratish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Ma'lumki, joriy yil yurtimizda «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili», deb e'lon qilindi. Barcha sohalarda ochiq-oshkoralik va samaradorlikni ta'minlash maqsadida «Elektron hukumat» tizimi keng joriy etilmoqda. Xususan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 178ta xizmat yo‘lga qo‘yilib, aholining vaqti va xarajatlari tejalmoqda.

Raqamli iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi AQShda 10,9 foiz, Xitoyda 10 foiz, Hindistonda 5,5 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2 foizdan ham oshmaydi.

Bu sohani rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Hindiston Respublikasining Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi qoshidagi Dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati hamkorligida mamlakatimizda IT-park tashkil etilishi belgilangan edi. 2019 yil 10 yanvarda Vazirlar Mahkamasining shu boradagi qarori qabul qilinib, poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki qurila boshlandi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili 20 noyabr kuni ushbu parkka tashrif buyurib, u yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Soha rivojiga yanada keng sharoit yaratish maqsadida IT-parkning yangi bosqichi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

Hozirda u yerda axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha 350ta mahalliy rezident korxona faoliyat yuritib, 4 ming mutaxassis ishlamoqda. Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda «1 million dasturchi» loyihasini amalga oshirish boshlandi.

2020-2024 yillarda 14ta hududda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining filialini tashkil etib, rezidentlar sonini 3 barobar oshirish va xodimlar sonini 40 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Buning natijasida kompyuter va dasturlash xizmatlari hajmi ham, eksporti ham ancha oshadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki hamda uning filiallarini qurish, yuqori texnologiyali infratuzilmalar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

IT-akademiya, IT-laboratoriya, Kovorking markazi, Mobil dasturlar ishlab chiqish markazi, Masofaviy axborot texnologiyalari markazini barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlat buyurtmasi asosida soha va tarmoqlar uchun zarur zamonaviy dasturiy ta'minotlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish mexanizmini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.

Jahondagi tendensiyalar bilan hamqadam bo‘lib, yangi ishlanmalarni hayotga faol joriy etish, yetakchi texnoparklar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki xodimlari hamda xorijiy mutaxassislar uchun ko‘p qavatli turar joy, mehmonxona, sport majmualari tashkil etish masalasiga ham e'tibor qaratildi.

Mutasaddilar qurilish va loyihalashtirish ishlarining borishi yuzasidan hisobot berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top