Xitoyning Shanhay shahrida koronavirusdan sog‘ayib ketgan odamlardan qon topshirish iltimos qilinmoqda. Gap shundaki, ularning qoni qolgan bemorlarni davolashda yordam berishi mumkin.
Bu haqda «Sinxua» axborot agentligi xabar berdi.
Avvalroq xitoylik shifokorlar sog‘ayib ketganlar qonini unda koronavirusga qarshi antitanalar topilgani sababli kasallarga quyish yaxshi samara berayotganini ma'lum qilishgandi.
Shu sababli kasallikdan forig‘ bo‘lganlar qonlarini topshirishga chaqirilmoqda.
“Men shifoxonani tark etishimdan oldin hamshira davolash va kasallikni o‘rganish maqsadida qon topshirishim haqida so‘radi. Shunda menga yordam berganlari kabi menda ham boshqalarga yordam berishga ajoyib imkoniyat borligi haqida o‘yladim. Sog‘ayib ketganimdan keyin qonimda og‘ir bemorlarga virus bilan kurashda yordam beradigan antitanalar hosil bo‘lgan”, deb aytgan donorlardan biri.
Mahalliy sog‘liqni saqlash vazirligida ma'lum qilinishicha, Shanhayda ayni vaqtda virusga chalingan 90 kishi sog‘ayib ketgan. Ta'kidlanishicha, 90 foiz kasallanish holatlarida bemorlarni davolashda Xitoy tabobati usullari qo‘llanmoqda.