18:13 / 15.02.2020
7
42859

«Bir o‘ringa 500 nomzod» - Kolumbiya universitetining ilk o‘zbek professori ilmdagi yo‘li haqida

O‘zbekistonlik Aziza Shonazarova AQShdagi Kolumbiya universitetining tenure track pozitsiyasi, ya'ni umrbod professorlik lavozimiga qabul qilingan ilk o‘zbek olimasi bo‘ldi. U 32 yosh ekanini hisobga olsak, bu muvaffaqiyat, albatta, e'tirofga loyiq.

Foto: Aziza Shonazarovaning shaxsiy fotoalbomidan

Kolumbiya universiteti Ivy League (Ayvi liga) toifasiga kiradi. Bu o‘zbek tilida «pechaklar ittifoqi» degan ma'noni bildirib, AQShning eng nufuzli 8ta universitetidan iborat.

Tenure track pozitsiyasiga professor va professor assistenti ishga olinadi, ular bilan tuziladigan mehnat shartnomasi universitet ma'muriyati tomonidan bekor qilinmaydi. Bunday shartnomaning asosiy maqsadi olim erkinligini ta'minlash hisoblanadi.

Aziza Shanazarova o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda genderlik tarixi va ayollar dindorligi mavzusida AQShning Indiana – Blumington universitetida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. U ikki yo‘nalishda — dinshunoslik va Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan.

Kun.uz muxbiri internet orqali olima bilan qisqa suhbat uyushtirdi.

— Assalomu alaykum, erishgan muvaffaqiyatlaringiz bilan tabriklayman! Kolumbiya universitetining ilk o‘zbekistonlik professori bo‘ldingiz, shu haqda to‘liqroq ma'lumot bera olasizmi?

— Vaalaykum assalom, eshitgan ma'lumotingiz rost. Yaqinda Kolumbiya universitetida professorlik lavozimiga qabul qilindim.

AQSh ilmiy tizimi biznikidan tubdan farq qiladi. U yerda professorlik lavozimi uchun bir yil oldin konkurs e'lon qilinadi. Bir o‘rin uchun dunyo bo‘ylab 500 nafarga yaqin PhD bitiruvchilari va professor bo‘lib ishlayotganlar hujjat topshiradi.

Bu konkursning bir necha bosqichlari bor. Shularning hammasidan o‘tgandan keyin professorlik lavozimiga taklif qilishadi. Kolumbiya universitetiga avgust oyidan dars berishni boshlayman.

Aziza Shonazarovaning shaxsiy fotoalbomidan

O‘tgan yili «Vatandosh» nashriga intervyu berganman. O‘sha mahal doktorlik dissertatsiyamni yoqlash arafasida edim va Stanford universitetida lektor lavozimida dars o‘tardim.

Stanforddan keyin Pitsburg universitetiga postdok (Postdoktoral tadqiqotchi yoki postdok bu — PhD doktorlik yoqlagandan so‘ng ilmiy izlanishlar olib boradigan shaxs — tahr.) ilmiy lavozimiga taklif qilindim va hozir aynan shu Pitsburg universitetida dars berib, ilmiy ishimni davom ettiryapman.

— Xorijda professorlik olimga nima vazifa yuklaydi yoki imtiyoz beradi? Professorlikka konkurs bosqichlari haqidayam aytib bersangiz?

— Research university (ilmiy universitet)larda professorlardan asosan dars berish va ilmiy ish bilan shug‘ullanish talab qilinadi.

Dars berish vazifasiga bakalavr, magistratura va doktorantura talabalariga leksiya o‘qish kiradi. Shuningdek, magistr va doktorant yetishtirib chiqarish va ularning ilmiy ishlariga rahbarlik qilish ham nazarda tutiladi.

Universitetda professorlik lavozimiga o‘rin ochilgandan keyin universitetlar sentabr-oktabr oyida dunyo bo‘ylab e'lon berishadi.

Dastlabki bosqichda talabgorlar o‘z hujjatlarini, ilmiy ishlaridan nusxalar va tavsiya xatlarini topshirishadi. Odatda bir o‘ringa 500ga yaqin nomzod topshiradi. Talabgorlardan faqat 10-12tasi 2-bosqichga o‘tkaziladi.

Ikkinchi bosqichda intervyu bo‘lib o‘tadi. Odatda skayp orqali. Uchinchi bosqichga 3 yoki 4 «finalist» nomzod qolishi mumkin, ular universitetga kelishi taklif qilinadi. Har bir nomzod 2-3 kun universitet professorlari va rektoratdan suhbatdan o‘tadi. Shu bilan birga 1,5 soatlik ma'ruza o‘qiydi.

Xullas, oxirida bir kishiga professorlik lavozimi beriladi. Konkurs taxminan 6-7 oy davom etadi. Men mana shu konkursdan Kolumbiya universitetiga professorlik lavozimiga o‘tgan birinchi o‘zbek bo‘ldim.

Aziza Shonazarovaning shaxsiy fotoalbomidan

— Talabalaringiz orasida markaziy osiyoliklar ham bormi yoki o‘zbeklar, O‘zbekistondagi mahalliy olimlar bilan ilmiy hamkorlik qilib turasizmi?

— Men dars bergan universitetlarda Markaziy Osiyodan talabalar bo‘lmagan. Asosan, Amerika fuqarolari.

O‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlik qilib turaman. O‘zim bir muddat O‘zFA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlaganman. Ana shu institut bilan aloqam yaxshi.

Pitsburgdan so‘ng Angliyaning eng qadimgi universitetlaridan biri bo‘lgan Oksford universitetiga yo‘l olaman. U yerda bir semestr ma'ruza o‘qib, kitobimni nashrga tayyorlashni rejalashtirganman.

— O‘zbekistonda ham ilmiy faoliyat olib borgan ekansiz, chet elda ilm qilish bilan O‘zbekistondagi ilmiy faoliyatni qanday taqqoslaysiz, bizga nimalar kerak, sizningcha?

— Avvalo, bu borada o‘z soham — manbashunoslikdan kelib chiqib fikr bildirishim mumkin. Garchi bu kimlargadir yoqmasa-da, aytamanki, eng asosiy narsa bu — vaqt.

Afsuski, o‘zimizning akademik tizimda majlisbozlik juda ham ko‘p. Majlislarni kamaytirish uchun majlislar qilinadigandek. Olimlar yetishtirib chiqish uchun nafaqat ularga yaxshi sharoit, balki vaqt ham yetarli darajada berilishi kerak.

Birlamchi qo‘lyozma manbalari bilan ishlaydigan olim uchun ko‘p narsa kerak emas... Oddiygina, ko‘p soat davomida bir joyda hech narsaga chalg‘imasdan ilmiy ishi ustida ishlasa kifoya.  

Men doktorlik dissertatsiyamni yozayotgan mahalim 2 haftalab uydan ko‘chaga chiqmagan paytim bo‘lgan. Ishimga shunchalik sho‘ng‘iganimdan ko‘chaga chiqmaganimni 2 haftadan keyin sezganman.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top