20:16 / 15.02.2020
0
29061

Xitoy tashqi ishlar vaziri AQShni «aqlini yo‘qotmaslik»ka chaqirdi

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada chiqishi chog‘ida Xitoy texnologik kompaniyalari XXR razvedkasi uchun «troya oti» ekanligini aytgandi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I/Foto : RIA Novosti

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I AQSh rasmiy vakillarining Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiya chog‘ida Xitoyga nisbatan bildirgan ayblovlari asossiz ekanligini ta'kidladi.

«Ularning barcha aytgan gaplariga javob qaytarish uchun vaqt ketkazmoqchi emasman. Faqat aytadigan gapim shuki, Xitoyga qarshi barcha ayblovlar yolg‘on, ular faktlarga asoslanmagan», - dedi Van I Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada chiqish qilar ekan.

«AQSh, dunyoning super davlati aqlini yo‘qotmasligiga umid qilamiz», - deb qo‘shib qo‘ydi u.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada chiqishi chog‘ida Xitoy texnologik kompaniyalari XXR razvedkasi uchun «troya oti» ekanligini aytgandi. Bundan tashqari, Pompeo Xitoy kompartiyasi G‘arbga tahdid solishini qayd etgandi.

AQSh ma'muriyati Xitoyning Huawei kompaniyasini harbiylar va razvedka bilan hamkorlikda ayblab keladi. Bundan tashqari, AQSh qator davlatlarni 5G texnologiyasiga o‘tishda Huawei qurilmalaridan foydalanmaslikka chaqirmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top