15:14 / 15.02.2020
3
55223

Xonobod hokimi olimpiya chempioni shug‘ullangan 50 yillik og‘ir atletika zalini yana yopdi

Andijonning Xonobod shahrida o‘z tarixiga ega og‘ir atletika maktabi borligini ko‘pchilik biladi. Maktab o‘tgan asrning 70-yillarida shakllangan. Shu paytgacha viloyatning eng chekka hududidan o‘nlab chempionlar yetishib chiqmoqda.

Olimpiya chempioni va rekordchisi Ruslan Nuriddinov, qit'a va jahon arenalarida sovrindor bo‘lgan og‘ir atletikachilarimiz Shodilbek Ergashev, Gulmira Ergashevalar ham aynan Xonobod og‘ir atletika maktabi tarbiyalanuvchilaridir.

Xonobod shahri markazidagi o‘sha 50 yillik tarixga ega og‘ir atletika sport zali hali ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgandi. Madaniyat uyi orqa tomoniga joylashgan sport zali har kuni yosh sportchilar bilan to‘la edi.

Biroq, 10 fevral kuni murabbiylar bizga qo‘ng‘iroq qilib, Xonobod shahar hokimi Musoxon Mamadaliyev 45 nafar yosh sportchi shug‘ullanayotgan og‘ir atletika zalini bo‘shatib qo‘yishga buyruq berganini aytishdi.

Qayd etish kerak, bu – og‘ir atletika zalining hokimga halaqit berayotgani haqidagi birinchi murojaat emas. Bundan ikki yil oldin ham murabbiylar bizga bog‘lanib, barcha anjomlar bilan ko‘chaga chiqarib qo‘yishganini aytganlarida, borib tuman hokimi Musaxon Mamadaliyev bilan suhbatlashgandik. O‘shanda hokim, «Bu yerni kutubxona qilamiz. Zalga boshqa joy beraman», degan vajni aytgan. Murabbiylar Xonobodning boshqa joyida og‘ir atletika bilan shug‘ullangani joy yo‘qligi uchun o‘z so‘zlarida turishgan. Uzoq tortishuvlardan so‘ng mashg‘ulot zali joyida qolgandi.

O‘shanda hokim Musaxon Mamadaliyev bizga, «Sizlarga shov-shuv, sensatsiya kerak. Shuning uchun kelgansizlar-da...», degandi. O‘sha kuni hokimga javoban o‘zimiz muammoni «tushimizda ko‘rib kelmaganimizni», saytga murabbiylar murojaat qilganini aytgandik. Muammo hal bo‘lgach, murojaat sabab tayyorlangan material ham e'lon qilinmagan edi.

Murabbiylar, «Bu safar vaziyat undan-da jiddiy» deganidan so‘ng Xonobod shahriga yo‘l oldik.

Yetib borganimizda allaqachon sport zalidagi barcha anjomlar shahar hokimi buyrug‘i bilan tashqariga olib chiqib qo‘yilgan ekan. Shtanga, tosh ko‘tarish uskunalari, «pomost»lar ko‘cha bo‘yida besaranjom yoyilgan, atrofida esa yosh shtangachilar turardi.

Ma'lumot o‘rnida: mutaxassisning bildirishicha, og‘ir atletika bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan mashg‘ulot zallarida shtangani yerga tashlaganda kuchli zarb yuzaga keladi. Oddiy yog‘och polli zallarda pol yog‘ochlari sinib ketishi xavfi borligi sabab shug‘ullanishning iloji yo‘q. Shtangani ko‘tarib tashlaydigan maxsus beton pol va uning ustida rezina qoplama – «pomost» bo‘lishi zarur.

Bundan tashqari, og‘ir atletika bilan shug‘ullanish uchun qurilgan zallarning shifti past va issiq bo‘lishi lozim. Sovuqda, og‘ir yuk bilan ishlayotgan o‘quvchilarda jarohat olish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Hokim, sport maktabi direktori, murabbiy va o‘quvchilar nima deydi?

Tarixiy sport zalini ko‘chirish ishlariga shahar BO‘SM direktori Fatidin Najmiddinov shaxsan o‘zi boshchilik qilib qilayotgan ekan.

Mutasaddi, bu zaldagi og‘ir atletikachilarni ko‘chirish muammosi ko‘p yillardan beri bo‘layotgani, Dastur bo‘yicha 7 milliard so‘mlik sport inshooti qurilishi uchun pul ajratilgani, shahar hokimi yangi sport zali bitguncha og‘ir atletikachilarni 5-tipdagi yangi rekonstruksiyadan chiqqan BO‘SMga ko‘chirishni buyurganini aytdi.

Uning bildirishicha, sport zali madaniyat markazi binosiga joylashgan va bu yil «kompleks remont» qilinar ekan.

Shogirdlari o‘rtasida turgan murabbiy Baxtiyorjon Hamidov bilan suhbatlashdik.

«O‘n yildan beri mana shu zalda bolalar bilan shug‘ullanaman. 50 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilarim bor. Sport ustalari chiqqan. 10-15 nafari OTMlarda o‘qishni davom ettiryapti.

O‘quvchilarim ichida viloyat, respublika chempionlari, qit'a miqyosidagi musobaqalarning sovrindorlari bor. 20 nafarga yaqin o‘quvchim Andijon va Toshkent sport-internatlarida o‘qib shug‘ullanishni davom ettirishyapti. Nasib qilsa, ular orasidan Ruslan Nuriddinov singari chempionlar chiqadi.

Bizni boshqa joyga ko‘chirishmoqchi. To‘g‘risi, ayni paytda Xonobod shahrida og‘ir atletika bilan shug‘ullanish uchun sharoiti bo‘lgan joyning o‘zi yo‘q. Hozir biz yangi ta'mirdan chiqqan 5-tip sport maktabi zaliga borib, yog‘och pol zalga «pomost» o‘rnatishimiz kerak. Unga 40-50 million so‘m pul ketadi. U yerda erkin kurashchilarga xalaqit beramiz. Sharoitning o‘zi yo‘q. Bolalarim bir kun mashg‘ulotda qatnashmasa, 10 kunga ortda qoladi.

Hozir shug‘ullanayotgan zalimiz – tarixiy joy. Ish boshlaganiga 50 yil bo‘ldi. Faxrimiz bo‘lgan olimpiya o‘yinlari rekordchisi Ruslan Nuriddinov, chempionlar – Shodilbek Ergashev, Gulmira Ergasheva, 50 nafarga yaqin sport ustalari shu yerda shug‘ullanib, voyaga yetgan», deydi u.

Sportchi bolalar fikri bilan qiziqdik. Ular o‘z yutuqlari haqida gapirib, zallaridan ketayotganidan norozi bo‘lishdi.

Ichkariga kirib, sport anjomlaridan bo‘shab qolgan mashg‘ulot zalini ko‘zdan kechirayotganimizda, shahar hokimi Musaxon Mamadaliyev yetib keldi.

«Ayni paytda mana shu biz yosh sportchilarni ko‘chirayotgan mashg‘ulot zali Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Madaniyat uyiga qarashli. Shu paytgacha yoshlarimiz shu yerda shug‘ullanib kelishdi. Chunki bir paytlar Madaniyat va sport ishlari vazirligi bitta edi. Hozir ajralib ketgan. Shuning uchun biz bolalarga 2 milliardga ta'mirdan chiqqan BO‘SMda barcha sharoitlarni qilib qo‘yganmiz.

To‘g‘risi, bu zalda bolalar shtangalarni yerga tashlab shug‘ullanganida binoga zarar yetyapti. Madaniyat uyida rassomchilik, drama to‘garagida saboq olayotganlarga halaqit bermasligi uchun ko‘chiryapmiz.

Bundan tashqari, Ruslan Nuriddinovning iltimosidan so‘ng viloyat hokimining tashabbusi bilan shahrimizga 7 milliardlik sport inshooti tushyapti. Sizga tushunmovchilik orqasidan murojaat qilishibdi. Biz borib, barcha sharoitni qilib beramiz», deydi shahar hokimi.

Hokimning qat'iy gaplaridan so‘ng BO‘SMga borib sharoitlarni ko‘radigan bo‘ldik. Bu paytga kelib, sport anjomlarini boshqa joyga tashish uchun avtomashina yetib keldi.

BO‘SMdagi tushunarsiz holat

Bolalar va o‘smirlar sport maktabi Xontog‘ massivi yonida ekan. U joyga F.Najmiddinov va Xonobod shahar hokimligi mutasaddilari hamrohligida bordik. Fasad chiroyli, sport zal ham yaxshi remontdan chiqarilgan.

Zal erkin kurash bilan shug‘ullanayotgan bolalarga to‘la.

«Bu zalimiz voleybol, basketbol, qo‘l to‘piga uchun moslashgan. Hozir mana erkin kurashchilar shug‘ullanyapti. Mana shu zalning yarmini bo‘lib, poldagi yettilik taxtalarni 20 santimetr ochib turib, ustiga rezinalarni qo‘yamiz, «pomost» bo‘ladi.

Boshqa sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar zalning yarmida o‘tilaveradi», – deydi BO‘SM direktori Fatidin Najmiddinov.

Biroq bizning nima maqsadda kelganimizni bilgan boshqa sport murabbiylari suhbatga qo‘shildi. Ular zalning yarmiga og‘ir atletika to‘garagi kelishidan umuman noroziligini bildirishdi.

BO‘SM direktori esa bor kuchi bilan og‘ir atletika to‘garagi zalining yopilishi to‘g‘ri va ularga yangi zalda sharoit yetarli ekanini isbotlashga intilardi. Biroq, BO‘SMdagi biz suhbatlashgan murabbiylar og‘ir atletikachilarning o‘z zalida qolishi ma'qul ekanini va yangi zalda ularga sharoit yo‘qligini aytishardi. Ular shtangachilarni ko‘chirishdan maqsad nimaligini bila olmay, hayron bo‘lishayotgan edi.

«Bilib qo‘yinglar, bu – kurashchilar zali. Bugun-erta katta «gilam» keladi. Men erkin kurash bo‘yicha murabbiyman. Toshkentda ishlar edim. Germaniyaga shartnomam bo‘lsa-da, zal bityapti deyishgani uchun o‘z shahrim Xonobodda yoshlar bilan ishlash uchun qaytib keldim.

Mutaxassis sifatida aytay, mana bu zalda og‘ir atletika bilan shug‘ullanib bo‘lmaydi.

Hozir rahbarlarimiz vaziyatdan chiqish uchun «shug‘ullansa bo‘ladi», deyishyapti. Murabbiy Baxtiyorni ham o‘z zalidan majbur chiqarishdi», deydi murabbiy Tohirjon Yaqubov.

Bu orada BO‘SM direktori Yaqubovning gapini bo‘lib, bu ishlar «polojyeniyedan chiqish» uchun bo‘layotganini, shahar hokimi «shtangachilar 3-4 oy shu yerda shug‘ullanib tursa, podvali bo‘lmagan, yaxshi joy qilib beraman», deganini aytdi.

Boshqa murabbiylar ham, «og‘ir atletikachilar o‘z joyida qolgani ma'qul», deya fikr bildirishdi. Muassasa direktori ular bilan tortishib ham ketdi.

Og‘ir atletika murabbiyi B.Hamidov zal sovuqligi, voleybol va basketbol uchun tayyorlangan zalning yangi polini buzish noto‘g‘ri ekanligini aytdi. «Yog‘och polga shtanga tashlasak, pol bir haftada sinib ketadi-ku?», deydi u.

Yangi inshootda, shahar hokimi aytganidek, shtangachilarga hamma sharoit yaratilgan emas ekan. Sanuzel hali ishga tushmagan. Ta'mirlash ishlari ketyapti.

Xulosa

Shahar hokimi nega ikki yildan buyon og‘ir atletika zalini berkitishga urinayotganiga hayronmiz. Mutasaddi oldingi safar zalni kutubxona qilishga chog‘langan edi. Bu safar zalda drama to‘garagi ochmoqchi.

Xonobodda olimpiya chempioni va rekordchisi, jahon va qit'a miqyosida sovrindor og‘ir atletikachilar kamol topgan. Bu – katta natija. U yerda shakllanib ulgurgan og‘ir atletika maktabi bor. Biroq aynan o‘sha maktab davomchilari endi shug‘ullangani joysiz qolishdi.

50 yillik tarixga ega og‘ir atletika zali berkitilyapti. Yosh chempionlarga esa, «bor otangga, bor enangga» qabilida munosabat bildirilmoqda.

«Shu paytgacha Madaniyat uyi vakillari biror marta «sizlar bizga halaqit beryapsizlar», deyishmagan. Chunki madaniyat uyida mashg‘ulotlar soat 16da tugaydi. Bizning mashg‘ulotlar esa o‘sha paytda boshlanadi», deydi murabbiy Baxtiyor Hamidov.

Xonobod – mahalliy turizm rivojlanayotgan joy. Zalni yopish o‘rniga dunyo tanigan olimpiya rekordchisi shug‘ullangan, uning sovrinlari joy olgan zalni sayyohlar kelib tomosha qiladigan turizm obektiga aylantirish imkoniyati bor.

«BO‘SMning yangi, chiroyli, katta mablag‘ evaziga bitkazilgan sport zali polida shtanga ko‘tarib, polga tashlab bo‘lmaydi. Zal sovuq. Tosh bilan ishlaydigan bolalar tanani qizita olmay jarohat olishlari mumkin. Hozir mashg‘ulot o‘tmayapmiz», deydi murabbiy.

Ha, chempion bo‘lishni orzu qilayotgan bolalar sarson.

Tanqidiy maqola chiqqanidan so‘ng tuman hokimligi o‘sha zalda surat chizayotgan yoki drama to‘garagi o‘tilayotgan jarayonni suratga olib, raddiya ham bersa kerak. San'at va madaniyat ta'limi muhimligiga shubha yo‘q. Ammo biz Madaniyat uyida buning uchun joy yetarli ekaniga guvoh bo‘ldik.

«Zar qadrini zargar biladi», deyishadi. Chempion qadrini esa chempion tarbiyalagan...

Viloyat rahbariyati, Og‘ir atletika federatsiyasi va boshqa mutasaddilar zalni o‘z egalariga qaytarib, kerakli sharoitlar yaratib beradi, deb umid qilamiz.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top