12:59 / 16.02.2020
2
65937

Koronavirus epidemiyasi: Xitoyda 10ta qilmish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

Eng yengil sanksiya – 3 yillik qamoq jazosi. Aybdorlar o‘ta jiddiy holatlarda hatto o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Foto: AFP/Getty Images

Xitoyda Covid-19 virusini qasddan tarqatish va epidemiya vaqtida tibbiyot xodimlariga shikast yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Endilikda yangi turdagi koronavirusni yuqtirib olgani tasdiqlangan shaxslarning karantinda saqlanishga qarshilik ko‘rsatishi yoki belgilangan muddatdan oldin karantinni tark etib, jamoat joylariga borishi va jamoat transportidan foydalanishi – «xavfli usullar bilan jamoat xavfsizligiga tahdid solish» deb malakalanadi.

Bunday qilmish infeksiya yuqtirib olgani gumon qilinayotgan shaxslar tomonidan sodir etilsa va ularning bu harakatlari virus tarqalishiga olib kelsa, u holda ularga nisbatan ham xuddi shunday ayblov ilgari suriladi.

Bu haqda Xitoy Oliy Sudi, Bosh prokuraturasi, Jamoat xavfsizligi vazirligi va Adliya vazirligining qo‘shma bayonotida aytilgan.

Ma'lum qilinishicha, XXR Jinoyat kodeksiga asosan, yuqoridagi holatlarda aybdor deb topilgan shaxslarning qilmishi jiddiy oqibatlarga olib kelmasa, 3 yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Agar qonunbuzarlarning xatti-harakatlari jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarsa, ular 10 yildan ortiqroq muddatga yoki butun umrga qamalishi yoxud o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Huquq idoralarining qo‘shma qarori 10ta qonunbuzarlikka oid bo‘lib, epidemiya tarqalishining oldini olish va shu yo‘nalishda olib borilayotgan sa'y-harakatlarni nazorat qilish ishlariga xalal berish, virusning qasddan tarqatilishi, tibbiyot xodimlariga ziyon keltirish va qalbaki mahsulotlar savdosi kabilar shular jumlasidandir.

«Bundan ko‘zlangan maqsad – yuridik tuzilmalarga qonunlarni to‘g‘ri qo‘llash orqali jinoyatlarga qarshi kurashda yordam berishdir», – deb tushuntirgan XXR Oliy sudi vitse-prezidenti Yang Vanming.

Ta'kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda Xitoyda bemorlar yoki ularning qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga zarar yetkazilgan holatlar uchrab turibdi. Yangi qarorda belgilanishicha, epidemiya davrida tibbiyot xodimlarining niqobini yirtgan yoki ularga qarata tuflagan shaxslarga – agar buning natijasida tibbiyot xodimiga infeksiya yuqadigan bo‘lsa – qasddan birovga shikast yetkazish ayblovi qo‘yiladi.

Shuningdek, virus tarqalishini nazoratga olish bilan shug‘ullanayotgan hukumat rasmiylarini qo‘rqitish yoki zo‘ravonlik ishlatish yo‘li bilan ularning xizmat vazifalarini bajarishlariga to‘sqinlik qilish davlat xizmatiga to‘sqinlik qilish deb baholanadi.

«Epidemiyaga qarshi kurashga jiddiy to‘sqinlik qilganlarga qattiq jazo belgilanadi. Ammo qasddan qilinmagan va jiddiy oqibatlarga olib kelmagan xatti-harakatni sodir etgan shaxslar bilan avvalo tushuntirish ishlari olib boriladi», – deya ta'kidlangan bayonotda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top