13:13 / 17.02.2020
2
16767

IELTS sertifikatiga ega xodimlarning maoshiga ustama to‘lash taklif qilindi

Mamlakatda ingliz tilini ommalashtirish taklif qilinmoqda

Foto: Getty Images

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida mamlakatda ingliz tilini ommalashtirish haqida petitsiya joylashtirildi.

Bildirilishicha, mamlakatda aholi orasida ingliz tilida so‘zlasha olish darajasini oshirish kerak. Shu maqsadda, davlat organlarida, budjet tashkilotlarida ishlovchi va IELTS xalqaro sertifikatiga (7 va undan yuqori ball olgan) yoki shunday ekvivalentda milliy sertifikatga ega xodimlarning oylik maoshiga 30 foiz ustama to‘lash tizimini joriy etish kerakligi aytiladi. 

“Bunda quyidagi samaralarga erishish mumkin bo‘ladi: birinchidan, mamlakat aholisida ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish yanada kuchayadi; ikkinchidan, millionlab sarflab chetdan yuqori malakali kadrlarni taklif qilgandan ko‘ra, mamlakatimizdagi iqtidorli kadrlarning qo‘nim topishiga ko‘mak beriladi; uchinchidan, ingliz tilini puxta o‘zlashtirgan malakali kadrlar ishga innovatsion yondashish va zamonaviy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘ladi. Natijada ish unumdorligi va sifati ham yuqori bo‘ladi; to‘rtinchidan, mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni qadrlaydigan va islohotlarning tub mohiyatini chuqur anglaydigan rahbar kadrlar zaxirasi shakllanadi”, - deyiladi murojaatda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda barcha budjet tashkilotlarida ishlovchi IELTS xalqaro sertifikatiga (7 ball va undan yuqori ball olgan) yoki shunday ekvivalentdagi xalqaro va milliy sertifikatga ega xodimlarning oylik maoshiga 30 foiz ustama to‘lash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top