09:44 / 18.02.2020
0
4306

Bojxona yuk deklaratsiyasiga tuzatish kiritish, qayta rasmiylashtirish, bekor qilish uchun asoslar o‘zgardi

Bojxona yuk deklaratsiyasini o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilishning yangi tartibi 2020 yil 11 maydan boshlab amal qiladi

Foto: customs.uz

Amaldagi nizom bilan solishtirilganda, hujjatning yangi tahririda bojxona yuk deklaratsiyasini (BYuD) o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish holatlariga tuzatishlar kiritilgan.
 
Norma’ning yozishicha, quyidagi holatlarda tuzatishlar kiritilishi mumkin:

bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etishda – bojxona rasmiylashtiruvi uchun ma'lumotlar yoki BYuDga ilova qilinadigan hujjatlar to‘liq hajmda taqdim etilmaganda;

bojxona qiymati va (yoki) bojxona to‘lovlari summasini to‘g‘rilash;

tovarlarni tashishga mo‘ljallangan transport vositalari texnik jihatdan nosoz bo‘lganda;

eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan tovarlar ularni olib chiqishga ruxsat berilgan sanadan so‘ng avtotransport vositasi tashuvida 10 kunga qadar, boshqa transport vositalari tashuvida 20 kunga qadar olib chiqilmagan holatlarda;

BYuD yoki uning bir qismi bo‘yicha rasmiylashtirilgan tovarga egalik qilish huquqi tashqi iqtisodiy faoliyatning boshqa sub'yektiga berilganida (eksport yoki erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari to‘liq bajarilgan va (yoki) shartli chiqarilmagan tovarlar, shuningdek tovardan foydalanish huquqi cheklangan hamda bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno);

kontrakt shartlari o‘zgarganda (eksport yoki erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, kontrakt shartlari to‘liq bajarilgan va (yoki) shartli chiqarilmagan tovarlar, tovardan foydalanish huquqi cheklangan holatlar bundan mustasno);

BYuD rasmiylashtirilgandan so‘ng, undagi tovarlar bo‘yicha tuzilgan kontraktlarga qo‘shimcha kelishuvlar kiritilib, ularga muvofiq xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, xorijiy hamkorlar va ularning rekvizitlari o‘zgargan taqdirda;

bitta tovar yuzasidan takroran bir nechta BYuD qabul qilingan holat aniqlanganda;

BYuDga o‘zgartirish, qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘ladigan, shuningdek taqdim etilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan, qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa hollarda.
 
Hujjatda elektron va qog‘oz shaklidagi BYuD uchun o‘zgartirish, qo‘shimcha kiritish, qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilishning alohida tartibi keltirilgan. Deklaratsiyalovchi shaxs va bojxona organining tashabbusi bilan ushbu harakatlarni amalga oshirish tartib-taomillarini cheklaydigan qo‘shimcha paragraflar kiritilgan. BYuDga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilganda, uni to‘ldirish mexanizmi batafsil bayon etilgan.
 
BYuDni o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoxud bekor qilish mumkin bo‘lgan cheklangan muddatlar o‘zgartirilmadi – BYuD qabul qilingan kundan e'tiboran 3 yil.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top