18:13 / 18.02.2020
0
5722

Vengriya O‘zbekistonning JSTga kirishini qo‘llab-quvvatlaydi

O‘zbekiston JSTga kirish uchun birinchi marta 1994 yilda ariza bergan, ammo 2005 yildan muzokaralar to‘xtatilgandi.

Peter Siyyarto/Foto: Prezident matbuot xizmati

Vengriya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) kirishini qo‘llab-quvvatlaydi, dedi seshanba kuni Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto.

"Vengriya JSTga a'zo bo‘lishingizni qo‘llab-quvvatlaydi", - dedi u Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasida. - Bundan tashqari, biz GSP+ maqomi berilishini hamda YeI bilan kengaytirilgan bitim imzolanishini ham qo‘llab-quvvatlaymiz".

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hozirda bazaviy imtiyozlar bosh tizimidan (GSP) foydalanadi, unga ko‘ra YeIga 3 mingta mahsulotni bojxona to‘lovisiz va 3200ta mahsulotni pasaytirilgan stavkalarda eksport qilish mumkin. Agar mamlakat plyus imtiyozlar bosh tizimi (GSP+) bo‘yicha bir tomonlama tarif imtiyozlarini oladigan bo‘lsa, 6 mingdan ortiq turdagi mahsulotni boj to‘lovisiz olib kirishi mumkin bo‘ladi.

"Doimiy vakillarimiz shu haftada Jyeneva va Bryusselda vakillaringiz bilan aloqa o‘rnatadi. Biz bu borada muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni kelishib olamiz”, - dedi Siyyarto.

O‘zbekiston JSTga kirish uchun birinchi marta 1994 yilda ariza bergan, ammo 2005 yildan muzokaralar to‘xtatilgandi. Ayni paytda O‘zbekiston tomoni ushbu jarayonni tiklamoqda.

Avvalroq, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuv 2020 yil boshida imzolanishi kutilayotganini aytgandi.

O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi amaldagi hamkorlik kelishuvi 1999 yil 1 iyulda imzolangan bo‘lib, yangi shartnoma ushbu bitimning o‘rniga amal qila boshlashi kutilyapti.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top