10:40 / 19.02.2020
0
17430

Aziz Abduhakimov O‘zbekiston har bir charter reysga necha ming dollar kompensatsiya taqdim etishini aytdi

Aziz Abduhakimov ko‘plab aviatashuvchilarda katta qiziqish uyg‘otadigan subsidiya miqdori to‘g‘risida ma’lum qildi

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrida Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum (UAALF-2020) xalqaro aviatsiya forumi ish boshladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov tadbirning ochilish marosimida charter reyslarga beriladigan subsidiya haqida gapirdi.

«O‘zbekiston bugungi kunda charter reyslarga eng katta subsidiya taqdim etmoqda. Aytaylik, yuqori turistik mavsumda 300 kishi tashiladigan bo‘lsa, davlat tomonidan har bir reysga 6 ming AQSh dollari miqdorida kompensatsiya taqdim etiladi. Boshqacha qilib aytganda, har bir aviayo‘lovchi uchun 20 dollardan. 15 noyabrdan 15 fevralga qadar davom etuvchi, oqim past bo‘ladigan mavsumda 300 o‘ringa mo‘ljallangan samolyot O‘zbekistonga xorijiy mehmonlarni olib kelsa, bu miqdor 15 ming dollargacha oshadi. O‘ylaymanki, bu ko‘plab aviatashuvchilarda katta qiziqish uyg‘otadigan subsidiya miqdoridir», - dedi Aziz Abduhakimov.

19-20 fevral kunlari o‘tkaziladigan ikki kunlik tadbirga dunyoning 130ga yaqin xalqaro tashkiloti jalb qilingan, xususan, Boing va Jetcraft (AQSh), Air Charter Service (Buyuk Britaniya), Bombardier Business jets (Kanada), TLD (Hindiston), Luftansa Consulting (Germaniya), EGIS (Fransiya), ATR (Ispaniya), Kuwait Airways (Kuvayt), Air Arabia va BGT Evens (BAA), Gulf Air (Bahrayn), Korean Air va Asiana Airlines (Janubiy Koreya), Azerbaijan Airlines (Ozarboyjon), Aeroflot va IrAero (Rossiya), Al Masriya (Misr), Zagros Airlines (Eron), Pegasus Airlines va Turkish Airlines (Turkiya), Mitsubishi Corporation, Air Astana (Qozog‘iston) va boshqalar shular jumlasidan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top