14:17 / 19.02.2020
0
9522

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining ro‘yxati tasdiqlandi

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha moratoriy joriy etilgan

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, prezidentning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida 2019 yil 30 oktyabrdagi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha moratoriy joriy etilgan.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Belgilanishicha, moratoriy joriy etilgan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesish bo‘yicha:

davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizalarni qabul qilishga;

hududiy ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan daraxtlar va butalarni kesish uchun xulosalar berishga;

tuman (shahar) hokimliklari tomonidan daraxtlar va butalarni kesish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Adliya vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari ushbu band talablarini bajarish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘radi.

Belgilanishicha:

davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda qimmatbaho navlardan tashqari daraxtlar va butalar navlarini hamda tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari ta'sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug‘diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga ruxsatnoma berish Vazirlar Mahkamasining tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida 2018 yil 31 martdagi va davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida 2019 yil 17 yanvardagi qarorlari asosida amalga oshiriladi;

“Obod mahalla” va “Obod qishloq” davlat dasturlari loyihalari asosida hududlarni obodonlashtirish ishlarida tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari, kasalliklari ta'sirida shikastlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan daraxtlarni kesish va qirqish qonun hujjatlarida belgilangan tartibga rioya qilingan holda faqat tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi;

obektlarni qurish va qurishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratish bosqichida rasmiylashtiriladigan hujjatlarda, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarida, shuningdek, elektron onlayn-auksion natijalari bayonnomalarida yer uchastkasida o‘sayotgan daraxtlar soni, ularning aniq koordinatalari, navlari, diametri, balandligi ko‘rsatilishi shart, shuningdek, ularni saqlab qolish va muhofaza qilish choralari va talablari belgilanishi kerak;

loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda qurilish maydonida o‘sayotgan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlari to‘liq saqlab qolinishi yoki ko‘chirib o‘tkazilishi ta'minlanishi shart, daraxtlar va butalar boshqa navlarining kamida 50 foizi saqlab qolinishi yoki ko‘chirib o‘tkazilishi yoxud ularning o‘rniga o‘ntadan kam bo‘lmagan daraxtlar kompensatsiya sifatida ekib berilishi kerak;

2020 yil 1 martdan boshlab qurilish, qayta ta'mirlash, qayta tiklash, kapital ta'mirlash, qurilish obektlarini obodonlashtirish, buzish bo‘yicha loyiha hujjatlarida, shuningdek, qurilish obektlarini foydalanishga qabul qilishda majburiy tartibda o‘simlik dunyosi obektlariga va ularning o‘sish muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatishning oldini olishni ta'minlaydigan, ularni bunday ta'sirdan himoya qiladigan choralar, kompensatsiya tadbirlari hamda ushbu sohadagi qoida va me'yorlar asosida ko‘kalamzorlashtirish choralari nazarda tutiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

obektlarni qurish va qurishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratishda ushbu yer maydonlarida joylashgan daraxt va butalarni saqlab qolish uchun zarur choralarni ko‘radilar;

obodonlashtirish boshqarmalarini daraxt va butalarni parvarish qilish sohasidagi mutaxassislar, shuningdek, zarur bo‘lgan texnik vositalar bilan ta'minlaydilar.

Qurilish vazirligi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2020 yil 1 martdan qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash, qurilish obektlarini obodonlashtirish, buzish, qurilish obektlarini foydalanishga qabul qilish paytida loyihalash hujjatlariga quyidagi majburiy talablarni kiritadi:

o‘simlik dunyosi obektlariga, ularning o‘sish muhitiga salbiy ta'sirning oldini olish, shuningdek, ularni bunday ta'sirdan himoya qilishni ta'minlaydigan choralar;

qonun hujjatlariga muvofiq kompensatsiya choralari;

ko‘kalamzorlashtirish ishlarini loyihalashtirish qoidalariga hamda shu sohadagi me'yorlarga muvofiq amalga oshirish.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi vazirliklar va idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan obektlarni qurish va qurishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratish bosqichida, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini (elektr, gaz va suv ta'minoti, kanalizatsiya, temir yo‘l hamda avtomobil yo‘llari va boshqalar) barpo etishda, shu jumladan, daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini qo‘llash orqali ularning saqlab qolinishi qat'iy ta'minlanishi ustidan nazoratni kuchaytiradi.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Adliya vazirligi ikki oy muddatda yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘p yillik daraxtzorlarga egalik huquqini aniqlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Toshkent davlat agrar universiteti bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar Toshkent davlat agrar universiteti bazasida obodonlashtirish boshqarmalari va boshqa tegishli tashkilotlar uchun daraxtlarni parvarish qilish bo‘yicha mutaxassislar (arboristlar) tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritadi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda iqlim va boshqa sharoitlardan kelib chiqib, aholi punktlarida ekishga tavsiya etiladigan manzarali daraxt navlari ro‘yxatini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda uni zaruratga qarab yangilanib borilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top