18:08 / 19.02.2020
0
3563

Sun'iy intellektni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligida tashkilotlar, idoralar hamda tadbirkorlar ishtirokida iqtisodiyoti tarmoqlarida sun'iy intellektni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqish maqsadida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

"Jahon Intellektual mulk tashkilotining 2019 yil e'lon qilgan ma'lumotiga ko‘ra, 1960 yildan 2018 yilga qadar sun'iy intellekt bilan bog‘liq 340 000 ta patent olingan va 1 636 649 ta ilmiy maqolalar chop etilgan. 2002—2017 yillar oralig‘ida sun'iy intellekt sohasida chop etilayotgan maqolalarning yillik o‘sish sur'ati 5.6% ni tashkil etmoqda, olingan patentlar sonining yillik o‘sish sur'ati esa qariyb 28% ni tashkil etadi.

2030 yilga kelib SIning global iqtisodiyot YaIMga qariyb 15 trillion dollar kiritishi taxmin etilmoqda. Quvonarli jihati shundaki, davra suhbati davomida mamlakatimizda sun'iy intellektni rivojlantirish va ushbu sohada ilg‘or mamlakatlar qatoridan joy olishimiz uchun fundamental va amaliy asoslar mavjudligi yaqqol ko‘rindi", — dedi Vazir o‘rinbosari Azimjon Nazarov.

Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan taqdimotda xalqaro miqyosda CIga qiziqish ortib borayotgani aytib o‘tildi va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha yetakchilik qilayotgan mamlakatlardagi (AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Fransiya va boshqalar) sun'iy intellektni rivojlantirish strategiyasi haqida ma'lumotlar berildi. Bundan tashqari, SI bo‘yicha ilmiy nashrlar va patentlarning o‘sib borishi kuzatilayotgani ta'kidlab o‘tildi.

Seminar yakunlariga ko‘ra iqtisodiyotga sun'iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etishning navbatdagi qadamlari yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

A.Nazarov Fanlar akademiyasi, oliy ta'lim muassasalari vakillari, startap loyihalar asoschilari, tadbirkorlar, xususiy kompaniyalar, shuningdek sun'iy intellekt sohasidagi taklif etilgan ekspertlar ishtirokida forsayt tashkil etishni taklif qildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top