13:49 / 19.02.2020
0
2779

YuNeSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya kotibiyati rahbarining maqomi vazir birinchi o‘rinbosariga tenglashtirildi

Komissiya bosh kotibi maqomi va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra, tegishlicha vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtirildi

Foto: Wikipedia

Vazirlar Mahkamasining “YuNeSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati faoliyatini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha:

YuNeSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston  milliy komissiyasining ishchi organi - YuNeSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy komissiyasi kotibiyati boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 nafarni tashkil etadi;

kotibiyat boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida Komissiya bosh kotibi o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi;

kotibiyat rahbari - Komissiya bosh kotibi va uning o‘rinbosari maqomi va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra, tegishlicha vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

kotibiyat xodimlariga nisbatan Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari (xodimlarni qisqartirish hisobidan qo‘llaniladigan ustamalar, umumiy ish staji uchun qo‘llaniladigan ustamalar, Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlaridan tashqari) tatbiq etiladi hamda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlari qo‘llaniladi;

kotibiyat xodimlarining erishgan natijalaridan kelib chiqqan holda har oylik lavozim maoshlariga (rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) nisbatan 100 foizgacha ustamalar belgilanadi, ularning 50 foizi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, 50 foizgacha ustamalar esa - xodimlarni moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi hisobidan qoplanadi;

kotibiyat xodimlari har oylik lavozim maoshiga kotibiyatda xizmat qilgan umumiy ish staji uchun 3 yildan 5 yilgacha - 10 foiz, 5 yildan 10 yilgacha - 20 foiz, 10 yildan 20 yilgacha - 30 foiz, 20 yildan ortiq - 40 foiz oylik ustamalar qo‘llaniladi;

kotibiyatga 2ta yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratiladi;

kotibiyatni saqlash xarajatlari respublika budjeti va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi.

Kotibiyat Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top