03:09 / 20.02.2020
1
15203

Bolalar uchun eng yaxshi va eng yomon sharoitlarga ega davlatlar ma'lum qilindi  

Foto: Pixabay

BMTning Bolalar jamg‘armasi YUNISEF bolalarning yashashi va rivojlanishi uchun eng yaxshi va eng yomon sharoitlarga ega davlatlar reytingini e'lon qildi. Xalqaro tashkilotning talqiniga ko‘ra, bolalar uchun eng yaxshi sharoitlar Norvegiyada yaratilgan. O‘zbekiston bu borada 180 ta davlat ichida 71-o‘rinni egalladi.

Bu haqda BMTning “Dunyo bolalari uchun kelajak” deb nomlangan ma'ruzasida ma'lum qilingan.

Ma'ruzaga ko‘ra, bolalarning kelajagi uchun eng yaxshi sharoitlar Norvegiya, Janubiy Koreya, Niderlandiyada yaratilgan. Yetakchi o‘ntalikdan Fransiya, Irlandiya, Daniya, Yaponiya, Belgiya, Islandiya, Britaniya ham o‘rin olgan.

Bolalar uchun eng yomon sharoitlar esa Somali, Chad, Markaziy Afrika Respublikasida qayd qilingan. 

“Ma'ruza Norvegiya, Koreya Respublikasi va Niderlandiyada bolalar yashashi va ravnaq topishi uchun eng yaxshi sharoitlarga, MAR, Chad, Somali, Niger va Mali eng yomon sharoitlarga egaligini ko‘rsatmoqda”, deyilgan xabarda.

Mutaxassislar ma'ruzada 180 ta davlatda bolalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni taqqoslashgan. Unda bolalarning yashashi va ravnaq topishi uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan davlatning sog‘liqni saqlash, ta'lim tizimlari rivojlangani, ekologiyasi, iqtisodiyoti tahlil qilingan. 

O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 71-o‘rinni egallagan. Ekspertlar O‘zbekistonni past-o‘rta daromadli davlat deb baholashgan. 

Markaziy Osiyo davlatlaridan Turkmaniston reytingda 52-o‘rinni, Qozog‘iston 59-o‘rinni, Qirg‘iziston 96-o‘rinni, Tojikiston 98-o‘rinni egallagan.    

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top