12:16 / 20.02.2020
1
20195

Soliq imtiyozlari berishning yangi prinsipi joriy etildi

Imtiyoz tegishliligi bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari va DSQ tomonidan taqdim etiladi 

Foto: Shutterstock

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan soliq imtiyozlari berishning yangi prinsipi joriy etildi.

Toshkent shahar hokimligi xabariga ko‘ra, endilikda soliq imtiyozlari faqat Soliq kodeksida nazarda tutilgan me'yorlar bo‘yicha beriladi.

Mustasno holatlarda ayrim soliq imtiyozlari prezident qarori asosida joriy etiladi. Alohida imtiyozlar ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, belgilangan soliq stavkasini 50 foizgacha kamaytirish tarzida berilishi mumkin. Bunda imtiyoz muddati uch yildan oshmasligi belgilangan. Ushbu alohida imtiyozlarda QQS, aksiz solig‘i va yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliqlar nazarda tutilmaydi.

Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan korxonalarni hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkonini berish bo‘yicha me'yor kiritildi.

Bunda soliq to‘lovchida berilgan muddat mobaynida soliqlarni to‘lash imkoniyati yuzaga kelishiga yetarlicha asoslar mavjudligi inobatga olinadi.

Ushbu imtiyoz tegishliligi bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan taqdim etiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top