13:32 / 21.02.2020
0
6864

Esdalik pul belgilarini tayyorlash, sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi e'lon qilindi

Markaziy bankning esdalik pul belgilarini tayyorlash, sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining esdalik pul belgilarini tayyorlash, sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomini tasdiqlash haqidagi hujjat loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Esdalik pul belgilari muomaladagi banknotlar va tangalar kabi O‘zbekiston hududida nominal qiymatga ega naqd pul shaklidagi qonuniy to‘lov vositasi, shuningdek nominal qiymatidan yuqori baholanuvchi numizmatika, kolleksiyalash, investitsiya va jamg‘arish obektlari sifatida muomalada bo‘lishi mumkin.

Esdalik pul belgilarini sotish va qaytarib xarid qilib olish narxlari ommaviy axborot vositalarida hamda Markaziy bankning o‘z rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Markaziy bankning o‘z rasmiy veb-saytida muomalaga chiqariladigan esdalik pul belgilari narxi, ularning sotish va qaytarib xarid qilib oladigan Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari va tijorat bank filiallari to‘g‘risidagi ma'lumotlar e'lon qilinib boriladi.

Shuningdek, qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik pul belgilarini sotish va qaytarib xarid qilib olish narxlarini shakllantirishda qo‘llaniladigan qimmatbaho metall narxini Markaziy bank har haftada kamida bir marta, milliy valutada belgilaydi va o‘zining rasmiy veb-saytida e'lon qiladi.

Esdalik pul belgilarining namunalari, shuningdek ularning dizayni Senat Kengashi bilan kelishilgan holda Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi.

Markaziy bank tomonidan banknot va tangalar ko‘rinishidagi, turli xil xom-ashyolardan, jumladan, qimmatbaho va boshqa metallardan tayyorlangan, ahamiyatga molik turli mavzularga bag‘ishlangan, cheklangan miqdorda esdalik pul belgilari muomalaga chiqariladi.

Muomalaga chiqariladigan esdalik pul belgilarini tayyorlashda inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lgan xom-ashyolardan foydalanish lozim.

Esdalik pul belgilari dizaynida quyidagi elementlar aks ettirilishi mumkin:

muqaddas qadamjolar va tarixiy obidalar, zamonaviy me'morchilik obektlari tasvirlari;

buyuk siymolar ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan tasvirlar, portretlari va haykallari sur'atlari;

milliy an'analar va qadriyatlarga doir tasvirlar;

zamonaviy davrning muhim voqealarini, jahon tarixi, umumjahon madaniyati va qadriyatlarini ifoda etuvchi tasvirlar.

Esdalik pul belgilarining mavzusi, tiraji, nominali, texnik xususiyatlari, xom-ashyosi, metalli va qotishmalari turi, ularning asillik darajasi, zarb etish sifati, muomalaga chiqarish sanasi Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilanadi.

Esdalik pul belgilarini sotish jismoniy shaxslarga naqd va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida, yuridik shaxslarga qonunchilikda belgilangan tartibda naqd pulda va pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Esdalik pul belgilari bosh boshqarmalar va/yoki banklar tomonidan bevosita yuridik va jismoniy shaxslarga sotiladi.

Esdalik pul belgilarini sotish va ularni yetkazib berish ishlari buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini sotish narxi Markaziy bank tomonidan har haftada kamida bir marta qimmatbaho metall narxi va Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan marjaga asosan belgilanadi.

Norezidentlar tomonidan respublika hududiga tashrif buyurmasdan esdalik pul belgilarini, shu jumladan qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini, sotib olishga talab mavjud bo‘lganda, ularning murojaatlariga asosan bosh boshqarmalar va banklar tomonidan hisob-faktura (invoys) yuboriladi.

Hisob-fakturada esdalik pul belgilarining sotish narxi to‘lov amalga oshiriladigan kundagi Markaziy bank tomonidan yetkazib berish (pochta) xarajatlarini hisobga olgan holda xorijiy valutaning so‘mga nisbatan kursiga muvofiq AQSh dollari ekvivalentida ko‘rsatiladi.

Norezidentlar tomonidan bosh boshqarmalar va banklarning tegishli hisobvarag‘iga mablag‘lar kelib tushgandan so‘ng, esdalik pul belgilari pochta o‘tkazmalari orqali yuboriladi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini qaytarib xarid qilib olish narxi topshirilgan kundagi qimmatbaho metall narxi va ushbu narxga qo‘llaniladigan Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan chegirmaga asosan Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Bosh boshqarmalar va banklar tomonidan qaytarib xarid qilib olingan qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalari ularning asillik darajasini aniqlash maqsadida Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini asillik darajasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan texnik ekspertiza uchun to‘lov ularning egalaridan undirilmaydi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini qaytarib xarid qilib olishda jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs vakilining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida qaytarib xarid qilib olish to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Bunda, yuridik shaxsning vakili qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini tasarruf etish huquqi borligi to‘g‘risidagi ishonchnomani taqdim etishi kerak.

Dalolatnoma uch nusxada tuziladi va ulardan bir nusxasi bosh boshqarmada yoki banklarda, ikkinchi nusxasi qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangasi egasida hamda uchinchi nusxasi texnik ekspertiza o‘tkazilishi uchun qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangasi bilan birga Asillik palatasiga taqdim etiladi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalari bosh boshqarmalar yoki banklar tomonidan yetti ish kunidan oshmagan muddatda texnik ekspertiza o‘tkazish uchun Asillik palatasiga yuborilishi kerak.

Asillik palatasi tomonidan yetti ish kunidan oshmagan muddatda texnik ekspertiza o‘tkazilib, uning natijalari haqida tuzilgan dalolatnoma Markaziy bankka taqdim etiladi.

Markaziy bank Asillik palatasining texnik ekspertiza o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomasini olganidan so‘ng, qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini qaytarib xarid qilib olgan bosh boshqarmalar va/yoki banklar orqali uning egasi bilan hisob-kitoblarni yetti ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshiradi.

Qaytarib xarid qilib olingan qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalari, Asillik palatasi tomonidan o‘tkazilgan texnik ekspertiza natijalarini inobatga olgan holda, yana qayta sotuvga qo‘yilishi (muomalaga chiqarilishi) mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top