18:06 / 21.02.2020
0
21413

Namangan viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Namangan viloyat hokimi qarori bilan Musoxon Oppoqov viloyat hokimi o‘rinbosari – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Namangan viloyati boshqarmasiga rahbar etib tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi «Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Namangan viloyati boshqarmasiga rahbarlar tayinlandi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, viloyat hokimligida O‘zbekiston Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Olim Soliyev va viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishida viloyat hokimi o‘rinbosari – Viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Musoxon Po‘latovich Oppoqov tayinlandi.

Musoxon Oppoqov / Namangan viloyati hokimligi

U shu vaqtgacha Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Namangan viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. 

Shuningdek, tayinlov doirasida boshqarma boshlig‘ining xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘ining xavfsiz mahalla faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, keksalar va faxriylarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha o‘rinbosarlari ham tayinlangan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top