01:11 / 21.02.2020
0
14338

Sayyohlar uchun 2020 yilda eng xavfsiz davlatlar ma'lum qilindi. O‘zbekiston MDH davlatlari orasida yetakchi   

Foto: Flickr

2020 yilda sayyohlar uchun eng xavfsiz va eng xavfli davlatlar ma'lum qilindi. O‘zbekiston bu borada 180 ta davlat ichida 46-o‘rinni egalladi. 

Sayohatlarning sug‘urtalanishini taqqoslovchi Insurly veb-sayti metodologiyasi bo‘yicha tuzilgan reytingga ko‘ra, Shveytsariya 2020 yilda sayyohlar uchun eng xavfsiz davlat deb topilgan.

Metodologiya muayyan davlatda tabiiy ofatlar yuz berishi, sog‘liqni saqlash tizimi sifati, zo‘ravonlik yo‘li bilan sodir etiluvchi jinoyatlar va terrorchilik tahdidlari, transport bilan bog‘liq xavf-xatarlar darajasini baholashni o‘z ichiga oladi.  

Reytingda hammasi bo‘lib 180 ta davlat baholangan.

Shveytsariya maksimal 100 balldan 93,4 ball olgan. 

2-o‘rinni 92,7 ball bilan Singapur egallagan. Singapur tabiiy ofatlar borasida Osiyoning eng xavfsiz davlati deb topilgan.

3-o‘rinni 91,1 ball bilan Norvegiya egallagan.

Sayyohlar uchun eng xavfsiz davlatlar reytingining yetakchi o‘ntaligidan Lyuksemburg, Kipr, Islandiya, Daniya, Portugaliya, Finlyandiya va Yaponiya ham o‘rin olgan.

Reytingning eng oxirgi uchta o‘rnini Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi va Janubiy Sudan egallagan. 

Ta'kidlash joiz, O‘zbekiston 70,3 ball bilan reytingning 46-o‘rnidan joy olgan. Insurly O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimini 81 ballga, jumladan havosi tozaligini qoniqarli, transport bilan bog‘liq xatarlarni 67 ballga, tabiiy ofatlar xavfini 25 ballga, zo‘ravonlik darajasini 79 ballga, jumladan terrorchilik xavfini 0 ballga baholagan.     

Qayd etish joiz, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida reytingda eng yaxshi natijani ko‘rsatgan. Undan keyingi o‘rinlarni Belarus (48-o‘rin), Ozarboyjon (52), Turkmaniston (60), Moldova (66), Gruziya (68), Qozog‘iston (71), Armaniston (72), Ukraina (83), Rossiya (86), Tojikiston (93), Qirg‘iziston (106) egallagan.    

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top