14:36 / 24.02.2020
0
20669

«O‘zgidromet» haftalik ob-havo haqida ma'lumot berdi

Bugun O‘zbekistonning katta qismida ob-havo yog‘ingarchiliksiz, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha sovuq front o‘tishi munosabati bilan ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi. 

Foto: KUN.UZ

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, havo harorati 12-17 daraja iliq atrofida bo‘ladi, bu kun uchun xos bo‘lgan o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 4-5 daraja yuqori.

Ertaga mamlakatda ob-havo ochiq va juda iliq bo‘ladi. Kunduzi harorat 15-20 darajagacha, janubda va cho‘l zonasida 23-25 darajagacha isiydi, bu ko‘rsatkichlar me'yordan 7-9 daraja yuqori.

26 fevralda navbatdagi janubiy siklonning chiqishi prognoz qilinmoqda, shu sababli respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘ladi. 

27 fevralda Volgabo‘yi hududidan sovuq havo oqimi kirishi munosabati bilan yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylanadi, ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘ladi. Shamolning tezligi kuchayib, sekundiga 15-20 metrgacha, shiddat bilan esganda 23-28 metrgacha yetadi. 

26 fevralda iliq havo oqimi ta'sirida eng iliq tun bo‘lishi kutilmoqda, harorat 10-12 daraja iliq, janubda va cho‘l zonasida 13-15 darajagacha iliq bo‘ladi, kunduzi ob-havo bulutli, harorat 13-18 darajani tashkil qiladi.

27 fevralda haroratning kechasi va kunduzi 3-8 darajagacha pasayishi kutilmoqda, bunday harorat me'yordan 4-6 darajaga pastdir.

28 fevralda yog‘ingarchilik ehtimoli faqat Surxondaryo viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida saqlanib turadi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, harorat foni past bo‘lib, kechasi 0-5 daraja iliq, ayrim joylarda 2 daraja sovuqqacha, kunduzi 5-10 daraja iliq bo‘ladi.

29 fevralda O‘zbekistonda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Havo harorati me'yoriy qiymatlarga yaqinlashib kechasi 0-5 daraja iliq, kunduzi 10-15 daraja iliq bo‘ladi.

28-29 fevralda mamlakat hududi bo‘ylab kechasi va ertalab ayrim joylarga tuman tushishi hisobiga ko‘rinish yomonlashishi mumkin.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top