13:36 / 26.02.2020
1
120552

Toj Mahaldan suratlar: Tramp, Putin, Karimovlar, Mirziyoyevlar va boshqalar

Donald Tramp Hindistonga safari chog‘ida dunyodagi eng go‘zal maskanlardan biri - Toj-Mahal maqbarasini ziyorat qildi. 

Tramplar oilasi 24 fevral kuni Toj Mahalni ziyorat qildi / Getty Images

AQSh prezidenti maqbarani hind madaniyatining go‘zalligi va rang-barangligi namunasi deb atadi va yillar davomida ko‘plab mashhur shaxslar imzolagan qaydlar kitobida o‘z dastxatini qoldirdi.

Toj Mahal XVII asrda Boburiylar sulolasi vakili Shoh Jahon buyrug‘i bilan qurilgan. U hukmdorning rafiqasi, tug‘ruq paytida vafot etgan Mumtoz Mahal xotirasiga barpo etilgan.

Uning me'moriy yechimi shunchalik murakkab va noyob bo‘lganki, minglab quruvchilar tomonidan 20 yildan ziyod vaqt davomida barpo etilgan. Maqbara va minoralarning hamma joyi oq marmar bilan qoplangan. Yodgorlik islom olami me'morchiligiga xos tarzdagi naqshlar va Qur'on suralari bilan bezatilgan.

Ushbu maqbara sevgi va sadoqat timsoli hisoblanadi, ko‘pincha uni buyuk sevgi saroyi deb atashadi.

Toj Mahal dunyoning yetti mo‘jizasidan biri sanaladi. 1983 yilda YuNeSKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Oddiy sayyohlardan tashqari, Toj Mahal fonida chet ellik siyosatchilar, yulduzlar va qirollik oilalari a'zolari muntazam ravishda suratga tushishadi.

Toj Mahalga yiliga 4,5 million kishi tashrif buyuradi. Ular orasida ba'zi fotosuratlar alohida ajralib turadi. 

Yolg‘iz malika

Malika Diana muhabbat qasri oldida turmush o‘rtog‘isiz suratga tushgandi / Getty Images

Malika Diananing 1992 yil Toj Mahal oldidagi o‘rindiqda yolg‘iz o‘zi o‘tirganida olingan ushbu suratda ko‘pchilik ramziy ma'noni ko‘radi.

Malika o‘shanda turmush o‘rtog‘i shahzoda Charlz bilan Agra shahrida rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Lekin shahzoda Charlz ish bilan band edi va malika Toj Mahalga yolg‘iz o‘zi boradi.

Malikaning muxlislari uchun ushbu fotosurat uning nikohda o‘zini yolg‘iz his qilayotgani haqidagi so‘zlarining tasdig‘i edi.

Mahalliy gidlar sayyohlarga hali ham «Diananing o‘rindig‘ini» ko‘rsatishadi. 

Uilyam va Keyt

Uilyam ota-onasiga o‘xshamadi / Getty Images

Deyarli chorak asr o‘tgach, 2016 yilda Diananing o‘g‘li shahzoda Uilyam va uning rafiqasi Keyt o‘sha o‘rindiqda suratga tushishdi.

Uilyam va Keytning vakili o‘shanda shunday degandi: «Kembrij gersogi onasining Hindistonda qanchalik hurmatga sazovor ekanligini biladi va uning suratlari Toj Mahalda namoyish etilganidan va uning xotirasi saqlanib qolganidan juda xursand».

Tsukerbergning ushalgan orzusi

Mark Tsukerberg ham Toj Mahalga «layk» bosgan / Getty Images

Facebook asoschisi Mark Tsukerberg 2015 yildagi Hindiston safarini Toj Mahaldan boshlagan. O‘sha paytda u o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida maqbarani ko‘rishni butun umr orzu qilgani haqida yozgan. 

«U men kutganimdan ham go‘zal. Odamlar nimani qurishga qodir ekanligi va sevgi ularni bunga unday olishi hayratlanarli», — degan u. 

Muvaffaqiyatsiz sammit

Pokistonning sobiq prezidenti Parviz Musharraf rafiqasi bilan / Getty Images

2001 yilda Pokistonning o‘sha paytdagi prezidenti Parviz Musharraf va uning rafiqasi Sebha Hindiston bosh vaziri Atal Bihari Vajpay bilan uchrashuvlar doirasida Agra va Toj Mahalga tashrif buyurishgan. 

Davlat rahbarlari ikki mamlakat ham o‘z hududi deb hisoblaydigan Kashmir maqomini muhokama qilishgandi. 

Sammit do‘stona bayonotlar bilan boshlangan, ammo hech qanday natija bermagan. Uchrashuv hanuz Pokiston va Hindiston o‘rtasida barqaror tinchlikka erishish yo‘lidagi boy berilgan imkoniyat sifatida baholanadi. 

1966 yil selfisi

HARRISON FAMILY/PA

Afsonaviy «The Beatles» guruhi musiqachisi Jorj Harrison 1966 yilda Toj Mahalga tashrif buyurganida 23 yoshda edi. 

Taraqqiyotda ilgarilab ketgan novator sifatida, Jorj sevgi maqbarasi oldida selfiga tushadi — bu so‘z va tushuncha kundalik hayotda paydo bo‘lishidan ancha oldin.

Toj Mahaldan keyin Harrison Bombeyga (hozirgi Mumbay), so‘ng Dehliga borgan va u yerda Liverpul to‘rtligi qo‘shiqlarida navosi yangragan an'anaviy hind asbobi — sitarni sotib olgan.

Kremldan maqbaraga

Foto: Getty Images

2000 yil oktabr oyida Vladimir Putin rafiqasi Lyudmila xonim bilan Toj Mahalga tashrif buyuradi.

Rossiya prezidentining bu surati uning «nafis» jihatlarini ham ko‘rsatgan, deyishadi.

Lekin 2013 yilda 30 yillik turmushidan so‘ng, Putin birinchi rafiqasi bilan ajrashgan.

Hindistonda Rossiya prezidenti Dehli va Moskva o‘rtasida strategik hamkorlik deklaratsiyasini imzolagan va shartnomani tarixiy qadam deb atagan.

Eyzenxauer zirhli mashinasiz

Foto: Getty Images

1959 yilda Duayt Eyzenxauyer Hindistonga rasmiy tashrif buyurgan birinchi Amerika prezidentiga aylandi. 

Prezident Toj Mahalga usti ochiq «Kadillakda»da keladi, uni mahalliy aholi olqishlar bilan qarshilagan.

Bosh vazir Javahorlal Neru o‘sha vaqtda Eyzenxauerning Hindiston yuragini zabt etgani haqida gapirgandi.

O‘shandan beri zamon tubdan o‘zgardi. Tramp tashrifi davomida Agra shahri butunlay berkitildi, Amerika prezidentini «Yirtqich» laqabli zirhli mashina olib yurdi.

Karimovlar Toj Mahalda

Foto: Karimov fondi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ham o‘z prezidentligining ilk davrida Hindistonda bo‘lib, Toj Mahal oldida rafiqasi Tatyana Karimova bilan birga suratga tushgandi.

Avval Agra, keyin Dehliga

O‘zbekistonliklar uchun Toj Mahal o‘zgacha ahamiyatga ega

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga 2018 yil 30 sentabr kuni Hindistonga rasmiy tashrifi doirasida Toj Mahal majmuasiga ham tashrif buyurgandi. 

Maqbara ziyorati chog‘ida Qur'on tilovat qilingan, Shavkat Mirziyoyev majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirgandi.

Boburiylar merosi bo‘lgan ushbu yodgorlik o‘zbek va hind xalqlarining tarixi mushtarakligi, ikki mamlakat aloqalari mustahkam asosga ega ekani ifodasidir.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top