20:45 / 27.02.2020
0
26919

Prezident Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga topshiriqlar berdi

Hozirgi kunda O‘zbekistonda rasman ish bilan band bo‘lmagan 1 million 400 mingga yaqin ayollar va yoshlar bor. Xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 13 foiz, yoshlarda esa 15 foizni tashkil etmoqda. Farg‘ona, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu ko‘rsatkich yuqori.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga hokimlar bilan birgalikda yangi kichik sanoat zonalari uchun bo‘sh yer maydonlarini aniqlab, infratuzilma bilan ta'minlash vazifasi yuklatildi. 

Foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni kambag‘al aholiga ajratib berish, zarur joylarda artezian va quduqlar qazish bo‘yicha topshiriq berildi.

«Aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali kambag‘allikni kamaytirish eng asosiy masala hisoblanadi. Hozirgi kunda mamlakatda rasman ish bilan band bo‘lmagan 1 million 400 mingga yaqin ayollar va yoshlar bor. Xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 13 foiz, yoshlarda esa 15 foizni tashkil etmoqda. Farg‘ona, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu ko‘rsatkich yuqori. Shu bilan birga, bugungi kunda qurilishda 104 ming, kommunal sohada 71 ming, xizmat ko‘rsatish sohasida 68 ming, yengil sanoatda 46 ming nafar mutaxassisga ehtiyoj mavjud», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda shu kabi talab bor joylarga malakali mutaxassislar yetkazib berish, bandlikni ta'minlash uchun har bir hududda ishsiz aholini tadbirkorlikka o‘qitish kurslari tashkil etish zarurligi ta'kidlandi.

O‘qish yakuni bo‘yicha Kichik biznesni rivojlantirish agentligi tomonidan tanlov e'lon qilinib, eng ilg‘or loyiha uchun «startap»ga 20 million so‘m miqdorida grant ajratiladi. Hokimlar ham mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ilg‘or tadbirkorlik loyihalariga grantlar beradi.

Kasbga o‘qish istagini bildirgan yolg‘iz va ko‘p farzandli ayollar, ishsizlar uchun kundalik hayotda ehtiyoj yuqori bo‘lgan hunarlar, xususan, tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa yo‘nalishlarda kasbga o‘rgatish kurslari tashkil etiladi. Buning uchun mahalla idoralari yoki hududdagi binolardan joy ajratilib, zarur jihozlar bilan ta'minlanadi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga «Mahalla guzarlarida kasbga o‘qitish dasturi»ni ishlab chiqib, talabgorlar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Qator hududlarda kasbga o‘qitish borasidagi ishlar keskin tanqid qilindi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonning 11 tumanida, Buxoro va Toshkent viloyatlarida 9tadan, Surxondaryoning 7, Jizzaxning 5 tumanida birorta ham bunday markazlar yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kasbga tayyorlash markazlarini tashkil etishga nodavlat tashkilotlarni faol jalb qilish, ular o‘rtasida eng yaxshi kasbga tayyorlash o‘quv dasturi bo‘yicha tanlov o‘tkazib, g‘oliblarga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan grant ajratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga har bir hududda «Ishga marhamat» mono-markazlari hamda kasbga tayyorlash markazlari tashkil etib, ishsizlarga kasbiy bilim va ko‘nikmalar, shuningdek, ehtiyojga qarab xorijiy tillarni ham o‘rgatish vazifasi qo‘yildi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi mablag‘larning 70 foizi kambag‘al aholiga ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi kichik va o‘rta biznes loyihalariga yo‘naltirilishi belgilandi. Shuningdek, kambag‘al kishini ishga olgan korxonalarga bank kreditlari bo‘yicha qulayliklar berilishi aytildi.

Axborot texnologiyalari sohasi bir tomondan biznesga ko‘maklashuvchi vosita, ikkinchi tarafdan biznesning alohida yo‘nalishidir. Shu bois o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lganlarga tushunarli bo‘lgan interaktiv mobil ilovalar, barcha savollarga javob beradigan «biznes navigator»lar yaratish zarur.

Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga tijorat banklari bilan birga sodda tilda tayyor biznes loyihalar ishlab chiqib, odamlarga taklif etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu biznes loyihalarda xarajat va daromad bilan bog‘liq barcha hisob-kitoblar, ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot miqdori kabi masalalar «ipidan-ignasigacha» aniq bo‘ladi.

Joylardagi muloqotlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu loyihalar haqida aholining barcha qatlamiga yetkazish kerakligi qayd etildi.

Savdo-ko‘ngilochar markazlarni ko‘paytirish hamda ko‘chma savdoni rivojlantirish, bu boradagi ortiqcha cheklovlarni olib tashlash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda Bosh vazir qabulxonalari davlat va tadbirkor o‘rtasidagi «ko‘prik» vazifasini bajarishi, tadbirkorlik tashabbuslarining amalga oshishiga har tomonlama ko‘maklashishi shartligi ta'kidlandi.

Joriy yil 1 martdan boshlab iqtisodiy kompleks idoralari faoliyatini reyting asosida baholash tizimi hamda Hududlarda tadbirkorlik rivojlanishi indeksi joriy etilmoqda. Aholi o‘rtasida ochiq va yashirin so‘rovlar o‘tkazish orqali ularning iqtisodiy kompleks tashkilotlariga bo‘lgan munosabati o‘rganib boriladi. Natijalarga qarab, muayyan hududdagi iqtisodiy kompleks rahbarlari faoliyati «namunali», «yaxshi», «qoniqarli» va «qoniqarsiz» deb topiladi. Ijobiy baholanganlar rag‘batlantiriladi va past baho olganlariga jazo choralari ko‘riladi. Baholash natijalari bir yilda ikki marotaba Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari viloyat kengashlarida va hukumatda muhokama qilinadi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top