13:33 / 28.02.2020
0
11897

«Farzandimning vujudini o‘simta qoplashini qanday qilib jimgina kuzata olaman?» – ona bemor o‘g‘li uchun ko‘mak so‘ramoqda

Tillaqori – 8,5 yoshda. Unga chap son suyagi yuqori-o‘rta hamda chap katta boldir suyagi o‘rta uchligi fibroz displaziyasi tashxisi qo‘yilgan.

Onasining aytishicha, bolaligida Tillaqorining salomatligida jiddiy muammolar kuzatilmagan. 2018 yilda maktabda futbol o‘ynayotib, chap oyog‘i sonidan sinib ketadi. Endi tuzalib oyoqqa turganida esa boldirini sindirib oladi.

«Shifokorlar yosh bolaning oyog‘i bunaqa qisqa muddatda qayta-qayta sinishi mumkin emas, deyishganidan so‘ng, mutaxassislar ko‘rigidan o‘tdik, tahlillar topshirdik. Shundan so‘ng unga fibroz displaziyasi tashxisini qo‘yishdi», deydi bolaning onasi Dildora Mirzahmedova.

Fibroz displaziyasi (uzun va kalta naysimon suyaklar xavfsiz o‘smalari) bu – suyak rivojlanishining meros qilib olinmagan anomaliyasi hisoblanadi. Fibroz displaziyasining klinik ko‘rinishlari xilma-xil bo‘lib, mutaxassislarning ta'kidlashicha, ular genetik kasalliklar va endokrin patologiya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Kasallikning davosi bor, buning uchun normal suyak to‘qimalari tolali suyak to‘qimalari bilan almashtiriladi.

«Tekshirishlar natijasida farzandimning sonida va boldirida o‘simta borligi aniqlandi. Do‘xtirlarning aytishicha, o‘simta kattalashgan sari suyak mo‘rtlashib, yemirilib boradi. Natijada suyak tez sinuvchan bo‘lib qoladi.

O‘simta kattalashib, organizmdagi boshqa suyaklariga o‘tib ketishi mumkin ekan. Agar shunday bo‘lsa, hech qanday muolajaning foydasi bo‘lmaydi. Hozirgi holatda o‘g‘limning kasaliga davo bor. O‘simta olib tashlanib, kasallangan suyaklar o‘rniga suyak to‘qimalari qo‘yilsa, u ko‘rmaganday bo‘lib ketarkan», deydi bemorning onasi.

Dildora Mirzahmedovaning aytishicha, Tillaqorini O‘zbekistonda operatsiya qilishning imkoni yo‘q. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika bolalar ortopediya markazi shifokorlari bemorga suyak alloplastikasi zarurligini aytishgan, biroq amaldagi qonun ko‘rsatmasi bo‘yicha O‘zbekistonda bu operatsiya bajarilmasligi sababli xorij klinikalariga murojaat qilishni tavsiya qilishgan.

«O‘zimizdagi hamma do‘xtirlarga bordik. Toshkentga kelgan hindistonlik shifokorlar ko‘rigida bo‘ldik. Farzandimning kasallik tarixi bilan tanishishdi, ular ham bu kasallikning davosi bitta – operatsiya deb aytishdi.

Jarrohlik amaliyotidan keyin ikki haftaga qolmay yurib ketadi deyishgan. Hozir bitta, o‘n yildan keyin – 18 yoshida yana bir marta operatsiya qilish kerak», deydi u.

Hindistonning Artemis Hospitals klinikasi bolalar ortopediyasi va umurtqa jarrohligi bo‘limi bosh pediatri Sanjay Sarup tomonidan taqdim etilgan tibbiy xulosaga ko‘ra, Tillaqori zudlik bilan operatsiya qilinishi kerak. Operatsiya xarajatlari  “Ezgu maqsad” xalqaro xayriya jamoat fondi tomonidan to‘lab berilgan. Biroq Hindistonga borish-kelish, bemor va uning sherigi kamida 3-4 hafta mehmonxonada turishi uchun pul kerak. Bolaning ota-onasi bu mablag‘ni topishga qodir emas.

«Qo‘limizda 3000 dollarimiz bor. Qolganiga kuchimiz yetmayapti. Xo‘jayinim – oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi, men uy bekasiman. Tillaqoridan tashqari ikki qizimiz bor. Topganimiz yeb-ichishimiz, o‘g‘limning dorilaridan ortmayapti.

Farzandimning vujudini o‘simta qoplashini qanday qilib jimgina kuzata olaman?! Majbur bo‘lganimiz uchun saxovatpesha insonlardan yordam so‘rayapmiz.

Iltimos, Alloh roziligi uchun yordam beringlar. Bizga ko‘mak berganlarning o‘zlari, yaqinlari bunday dard nimaligini bilishmasin, bizga qilgan yaxshiliklarining mukofoti Xudodan qaytsin», deydi Dildora Mirzahmedova.

Tillaqorining otasi Miryokub Mirzakhmedov nomiga ochilgan karta

UZCARD Click/PayMe:

8600 0204 5339 4327 (Milliy bank)

Tranzit hisob-raqami (xorijdan pul o‘tkazmalari uchun):

2020 6840 4900 8705 0001

CBeRBANK viza kartasi (Rossiya va boshqa davlatdagilar uchun):

5469 3800 8277 0974 (bemorning qarindoshi Abduazizov Ural nomida)

Xorijdan mablag‘ yubormoqchi bo‘lganlar uchun bemorning otasi Miryoqub Mirzahmedovning pasport ma'lumotlari: Mirzakhmedov Miryokub Mirjalilovich AA 66788025

 

Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz, darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top