22:59 / 28.02.2020
1
45616

Koronavirus: JSST virus tarqalishi xavfini “juda yuqori”gacha oshirdi. Virusdan birinchi sportchi vafot etdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 28 fevralda dunyo bo‘ylab koronavirus tarqalishi xavfini “juda yuqori” darajagacha oshirdi. Shuningdek, virusdan dunyoda birinchi sportchi vafot etdi. 

Foto: Reuters

“Biz koronavirus tarqalishi va uning oqibatlari xavfi darajasini “juda yuqori”gacha oshirdik”, deb aytgan JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus Jyenevadagi matbuot anjumanida. 

30 yanvarda JSST koronavirus tarqalish xavfini “o‘rtacha”dan “yuqori”gacha oshirgandi.

Gebreyyesusning ta'kidlashicha, turli davlatlarda virusdan kasallanish holatlari soni ko‘payayotgani va uning jadal tarqalayotgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Bir necha kun ichida dunyoda koronavirusdan kasallanish bilan bog‘liq vaziyat keskin o‘zgardi. Janubiy Koreya, Eron va Italiyada kasallanganlar soni jadal ko‘paymoqda.

JSST rahbarining ma'lum qilishicha, ayni vaqtda dunyoda koronavirusga qarshi 20 dan ko‘proq vaksina ishlab chiqilmoqda. Ba'zi tadqiqotchilar bu borada ancha olg‘a siljishga muvaffaq bo‘lishgan. Misol uchun, amerikalik olimlar bunday vositani bemorlarda sinashni boshlashga kirishmoqda. 

“Butun dunyoda 20dan ko‘proq vaksina ustida ish olib borilmoqda va bir nechta davolash vositalari klinik sinovdan o‘tkazilmoqda. Biz birinchi natijalarni bir necha haftalardan keyin olishni kutmoqdamiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Gebreyyesus.

Hozircha shifokorlar kasallikni davolashda gripp va OIVga qarshi vositalarni qo‘llashmoqda. 

Bu orada koronavirus sportchilar orasida birinchi qurbonga olib keldi. Eronlik professional futbolchi, futzal bo‘yicha ayollar milliy terma jamoasi a'zosi Ilhom Shayhiy koronavirusdan vafot etdi.

23 yoshli qiz kasallika qarshi 10 kunlik kurashdan keyin 26 fevralda hayotdan ko‘z yumgan. 

Ayni vaqtda Xitoydan tashqarida 49 ta davlatda 4351 kishi virusga chalingani aniqlangan. Xitoyda 28 fevralda 327 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan. Bu Xitoy uchun 23 yanvardan beri eng past ko‘rsatkich bo‘lib, kasallanganlar umumiy soni 78800 kishini tashkil qilmoqda. Shuningdek, virus qurbonlari soni 2800 nafarga yetdi.  

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top