10:19 / 28.02.2020
0
7132

Pedagogika ta'lim sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi 

Prezident “Pedagogik ta'lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi

Hujjat bilan quyidagilar pedagogika ta'lim sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

tarbiya va o‘qitish usullari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan, ta'lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega professional pedagog kadrlar tayyorlash;

pedagogik kasbga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni aniqlash hamda ularni maqsadli tayyorlab va tarbiyalab borishning uzluksiz tizimini joriy qilish;

pedagogik ta'lim sohasining ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, innovatsion o‘quv-me'yoriy va ta'lim resurslarini yaratish hamda amaliyotga joriy etish;

sohada ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish uyg‘unligini ta'minlash orqali ta'lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish;

pedagog kadrlar buyurtmachilari ehtiyoj va talablarini muntazam o‘rganib borish, ular bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda pedagog kadrlar tayyorlashning ilmiy asoslangan istiqbolli rejalarini belgilash va ularni amalga oshirish;

oliy pedagogik ta'limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va ta'lim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta'minlash pirovardida pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirib borish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish;

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va ularda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish;

pedagogik ta'lim infratuzilmasini yaxshilash, sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish;

yuksak madaniyatli, amaliy kasbiy ko‘nikmaga ega, tarbiya, o‘qitish metodlari va baholash mezonlarini puxta egallagan zamonaviy pedagog kadrlarni shakllantirish jarayonlari samaradorligini oshirish.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top