08:43 / 28.02.2020
2
22671

Til bilishning o‘zi kifoya: eng yaxshi bepul onlayn ta'lim platformalari

Jahon bo‘ylab ta'lim olishning ommabop, mablag‘ ta'lim etilmaydigan shakllari ommalashib boryapti. Internetda turli yo‘nalishlarda mustaqil ravishda onlayn bepul ta'lim olish imkoniyatini beruvchi resurslar talaygina.

Foto: Shutterstock

Buning uchun internet va tilni bilish kifoya.

Quyida mustaqil onlayn ta'lim olish imkonini beruvchi eng ommabop bepul platformalar haqida ma'lumot beramiz.

Harvard universiteti kurslari

Nafaqat AQSh, balki butun dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri hisoblangan Harvard universiteti 100dan ortiq bepul onlayn kurslarni taqdim etadi.

Maxsus portalda veb-dasturlash, moliya, dinshunoslik, kompyuter texnologiyalari, madaniyat, tarix, siyosatshunoslik hamda boshqa sohalarga oid ma'ruzalarni topishingiz mumkin.

Buning uchun ro‘yxatdan o‘tish kifoya. Alohida mavzularga bo‘lingan platforma xizmatingizga tayyor.

Manzil: online-learning.harvard.edu

Xan akademiyasi

Harvard biznes maktabi bitiruvchisi Salmon Xon tomonidan notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan Xan akademiyasi (Khan academy) har kimga har yerda yuqori sifatli ta'lim imkoniyatini taqdim etishni maqsad qiladi.

Onlayn akademiyada matematika, tarix, tibbiyot, moliya, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya, madaniyat bo‘yicha 4200dan ziyod mikroma'ruzalar bor.

Mavzular sodda tilda tushuntirilgan. Bundan tashqari, o‘rganilgan mavzu bo‘yicha bilimlarni tekshirish uchun vazifalar jamlanmasi ham taqdim etiladi. Ushbu platforma masofaviy ta'limning eng yaxshi shakllaridan biri, deya e'tirof etiladi. Ma'ruzalar bazasi dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.

Xan akademiyasi bazasi bir guruh ko‘ngillilar tomonidan o‘zbek tiliga ham tarjima qilinmoqda.

Manzil: khanacademy.orgxanakademiyasi.uz

edX – dunyoning eng yaxshi universitetlarini birlashtiruvchi platforma

edX platformasi dunyoning eng nufuzli oliygohlari − Harvard universiteti, Stenford universiteti, Boston univeriteti, Massachusets texnologiyalar instituti, Sorbonna universiteti kabilarning onlayn ma'lumotlar bazasini yagona manzilda jamlaydi.

Bu yerda aniq, gumanitar, tabiiy fanlar, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha ta'limiy videodarslarni topish mumkin. Shuningdek, platformada dunyoning eng ko‘p so‘zlashuvchiga ega tillari bo‘yicha ham darslar mavjud.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar darslar yuzasidan o‘zaro fikr almashish, munozaraga kirishishlari uchun onlayn forum ham ishlaydi. Darslar bepul, kurs yakunlangandan keyin to‘lov asosida sertifikat olish mumkin.

Manzil: edx.org

Fizikani sodda tilda tushuntiruvchi platforma

Ukrainaning Rishelevskiy litseyi o‘qituvchisi Pavel Viktor fizika bo‘yicha chuqurlashtirilgan onlayn kurs ochgan.

Kurs tinglovchilari fizika haqida sodda, tushunarli tilda ma'lumot olishi mumkin. 470dan ziyod mavzuning har biri alohida video shaklida tayyorlangan.

Manzil: YouTube`dagi «RL Fizika» kanali

Onlayn kurclarni jamlovchi platforma

Class Central deb nomlanuvchi platformada turli yo‘nalishdagi onlayn kurslarni topish mumkin. Platforma internetga joylashtirib boriladigan kurslarni ommabopligi, foydalanishdagi qulayligi va sifatiga ko‘ra saralab, reytingga kiritib boradi.

Plafortma reytingida eng sifatli onlayn kurslarni topish mumkin. Shuningdek, platformada rasmiy masofaviy ta'lim olish mumkin bo‘lgan dasturlar xususida ham ma'lumotlar bor.

Manzil: classcentral.com

Ham til, ham fan o‘rganish imkoniyati

Coursera platformasi 36 mln.dan ziyod foydalanuvchiga ega, 3000dan ziyod kurslarni jamlaydi. Unda gumanitar, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha bilimlarni kompleks tarzda olish mumkin.

Har bir mavzu 15 daqiqali videoma'ruza, o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash uchun test va topshiriqlardan tarkib topgan.

Har bir kurs yakunida imtihon bor, undan muvaffaqiyatli o‘tgan foydalanuvchiga elektron shaklda sertifikat ham taqdim etiladi.

Mazkur platformaning afzalligi shundaki, videoma'ruzalarni o‘zingizga kerakli tildagi subtitr bilan tanlash mumkin. Bu fanni o‘rganish bilan bir qatorda, kerakli til bo‘yicha ko‘nikmalarni ham mustahkamlash imkonini beradi.

Manzil: coursera.org

Lektorium

Lektorium rus tilidagi eng katta videokurslar bazasi hisoblanadi. Ushbu platformada turli yo‘nalishdagi 4000dan ziyod videoma'ruzani ochiq shaklda topish mumkin.

Manzil: lektorium.tv

Rossiyaning yetakchi oliygohlari ma'ruzalari yagona bazada

Universarium platformasi dastlab Rossiyadagi oliy talim muassasalarining o‘zaro ma'lumot almashish maydonchasi sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik uning ommabopligi ortib, barcha uchun ochiq ta'lim platformasiga aylangan. Unda muayyan bir ixtisoslikdagi fanni chuqur o‘rganish ham, ma'rifiy xarakterdagi qo‘shimcha kurslarni ham topish mumkin.

Har bir kurs murakkabligidan kelib chiqqan holda 7 haftagacha davom etadi. Videoma'ruzalar bilan bir qatorda, mustaqil ishlash uchun materiallar ham taqdim etiladi, kursni muvaffaqiyatli yakunlaganlar elektron sertifikatga ega bo‘lishi mumkin.

Manzil: universarium.org

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top