13:40 / 29.02.2020
0
10868

Abdulaziz Komilov: «Afg‘oniston masalasida «nolga teng o‘yinlarda» ishtirok etishga intilmaymiz»

Joriy yilning 29 fevralida Qatar poytaxti Doha shahrida AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasida uzoq kutilgan va afg‘on xalqi uchun umummilliy yarashuv jarayonini boshlashi mumkin bo‘lgan “tinchlik kelishuvi”ning imzolanishi kutilmoqda

Foto: KUN.UZ

“Xalq so‘zi” Afg‘oniston muammosini siyosiy yo‘l bilan hal etishning asosiy jihatlari xususida O‘zbekistonning qarashlari va respublikaning mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga qo‘shayotgan hissasi haqida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan suhbatlashdi.

“O‘zbekiston rahbari “Afg‘oniston xavfsizligi — bu O‘zbekistonning xavfsizligi”, deya bir necha bor bayonot berganlar. Afg‘oniston bo‘yicha siyosatimizda biz nafaqat ushbu mamlakatning kelajagi, balki umumiy xavfsizligimiz, terrorizm, aqidaparastlik va zo‘ravonlikdan xoli dunyo uchun kurashmoqdamiz.

Shu bilan birga, Afg‘onistonda tinchlikni ta'minlash — bu faqatgina xavfsizlik muammolarini hal qilishdangina iborat emas.

Afg‘oniston masalasida biz “defensive approach” deb ataluvchi himoya yondashuviga asoslanmaymiz. Biz mintaqamizda vaziyat qanaqa ekanligini yaxshi idrok etishimizga ishonchimiz komil, shuning uchun “o‘yinchi”larning biri g‘alaba qozonsa, ikkinchisi mag‘lub bo‘ladigan biron-bir “nolga teng o‘yinlarda” ishtirok etishga intilmaymiz. Biz pragmatikmiz va yaxshi qo‘shni bo‘lishni xohlaymiz.

Faqatgina 100 yil oldin o‘rnatilgan chegaralarga qaramay, xalqlarimiz o‘rtasida 3 ming yillik tarixga ega munosabatlar mavjud.

Amudaryo bo‘ylab o‘rnatilgan chegaralar hech qachon odamlarning bordi-keldisi, savdo-sotiq qilishi hamda madaniyatlar va dinimizning o‘zaro uyg‘unlashuviga to‘siq bo‘la olmagan.

Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo uchun eng qisqa yo‘l orqali dengiz kommunikatsiyalaridan foydalanish, transport yo‘laklarimizni diversifikatsiya qilish va shu bilan mahalliy mahsulotlarni eksport qilish uchun keng bozorlarni ochish imkoniyatlarini ta'minlashga qodir.

Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka qo‘shilishi uchun yordam berish juda muhim va Toshkent buni chin dildan xohlaydi. Bundan tashqari, shu narsani tushunish lozimki, Afg‘oniston hududidagi tahdidlar qanchalik kam bo‘lsa, milliy xavfsizlikni ta'minlashga sarf etiladigan xarajatlarimiz shunchalik qisqaradi. Tejalgan mablag‘larni biz ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish, fuqarolarimizning turmush darajasini oshirishga yo‘naltirishimiz mumkin”, - deydi Abdulaziz Komilov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top