14:12 / 01.03.2020
3
126439

Koronavirus: Mavjud vaziyat va kelajak taxminlari

Koronavirus bilan bog‘liq epidemiya sur'ati o‘sib borgani sayin u bilan bog‘liq xabarlar ham shunchalik tez tarqalmoqda. Bunday vaziyatda yanada kengroq ma'lumotga ega bo‘lish uchun tasdiqlangan manbalardagi mavjud ma'lumotlarni umumlashtirish zarurati paydo bo‘ladi.

Foto: Anadolu Ajansi

Mavjud holat qanday?

Koronavirus tarqalishidan zararlanganlar soni 87 mingga yaqinlashgan, virus tufayli vafot etganlar soni qariyb 3 mingga yaqinni tashkil etmoqda. Ushbu raqam har daqiqada ortib bormoqda. Kasallik Antarktidadan tashqari barcha qit'aga tarqalib ulgurdi. JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus Janubiy Koreya, Eron va Italiyadagi vaziyatdan so‘ng kasallikka qarshi samarali kurashish uchun juda oz vaqt qolganini ta'kidladi. Epidemiya tufayli xalqaro hamjamiyatda qo‘rquv, keskinlik va vahima muhiti hukm surmoqda. Jamiyatda yuzaga kelgan bu holat adabiyotlarda allaqachon «koronafobiya» sifatida qayd etildi.

Xitoydan tashqarida virus tarqalishi ko‘rsatkichi

Alomatlar yo‘q, ammo…

Koronavirus bemorning yo‘talishi yoki aksirishi paytida havo yo‘lidagi tomchilar orqali boshqa insonga yuqishi ma'lum. Shuningdek, virus inson najasi orqali yuqishi bo‘yicha ham tadqiqotlar o‘tkazildi, ammo bu mavjud izlanishlarning juda kam qismini tashkil etadi. Virusning pochta jo‘natmasi yoki uy hayvonlari orqali yuqishi haqida hali hech qanday dalil-isbot yo‘q. Ammo «asemptomatik» (alomatlar yo‘q) deb ta'riflangan kasallikning yashirin davri virusni yuqishning yuqori darajaga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

Kasallangan bemorlarda simptomlarning o‘rtacha davomiyligi 5-6 kun. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bu davr bir holatda 19 kungacha, boshqa holatda 24 kungacha cho‘zilishi mumkin.

Kimga ta'sir darajasi kuchli?

Shuni ta'kidlash kerakki, virusning tarqalishi va tarqalish darajasi yuqori bo‘lsa-da, o‘lim darajasi (2,3 foiz) past, Covid-19 virusini yuqtirgan bemorlarning ko‘pchiligi (81 foizi) yengil kasallangan. Kasallik 98 foiz holda katta yoshdagi odamlarga va qo‘shimcha kasallik (masalan, diabet, qon bosimi)ga chalingan odamlarga ta'sir qilmoqda. Hozirgacha vafot etganlarning 80 foizi 60 yoshdan oshgan, ularning 75 foizida sog‘liq bilan bog‘liq qo‘shimcha muammolar bo‘lgan.

Virus manbayi ko‘rshapalaklar emas?

Ko‘plab pangolinlar Malayziyadan noqonuniy yo‘llar orqali Xitoyga keltirilgan / Getty Images

Hozirgacha virus (96 foiz) ko‘rshapalaklardagi viruslarga o‘xshash ekani va ulardan tarqagani taxmin qilingandi, ammo o‘tkazilgan tadqiqotdan birida pangolin nomli yovvoyi hayvonlardagi viruslar hozirgi koronavirusga 99 foiz o‘xshashligi aniqlandi. Pangolin Uhandagi yovvoyi hayvonlar bozorida sotiladigan tur emas, ammo u noqonuniy savdoga qo‘yilgan. Hozirgi kunda virusning manbayi deb taxmin qilinadigan eng shubhali hayvon bu – pangolin.

Aeroportlardagi termal skrining qay daraja samarali?

Aeroportlarda termal skrining o‘tkazilishi qay darajada samara berishi eng ko‘p bahs qilinayotgan mavzulardan. Tadqiqotlar termal skanerlash 54 foiz samarali ekanligini ko‘rsatmoqda, ya'ni har 100 bemordan atigi 54 nafarini shu yo‘l orqali aniqlash mumkin.

Koronavirus uchun emlash ishlarida hozirgi vaqtda 4 molekula diqqat markazida. Biroq ushbu tadqiqotlar 12-18 oy ichida natija berishi kutilmoqda. Shu sababli qisqa muddatda vaksina paydo bo‘lishi dargumon.

Hozircha virusga qarshi qanday dorilar bor?

Bemorlardan tashxislash uchun olingan namunalar RT-PCR (reverse transcription polymerase chain reaction) deb nomlangan laboratoriya usuli bilan tekshiriladi. Ammo tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘pka tomografiyasi RT-PCR kabi samarali bo‘lishi mumkin. RT-PCR salbiy natija beradigan holatlarda gumon qilingan odamda o‘pka tomografiyasi o‘tkazish kerakligi aytilgan.

Kasallikning samarali davosi hali aniqlanmagan bo‘lsa-da, ba'zi tadqiqotlar istiqbolli. Xitoyda dori-darmonlarni rivojlantirish bo‘yicha 80dan ortiq klinik tadqiqotlar olib borilmoqda. Sun'iy intellekt va orttirilgan razvedka amaliyotlari dori molekulasini ishlab chiqish va epidemiyaning tarqalishini taxmin qilish uchun ishlatiladi. Masalan, sun'iy intellekt dasturida «baritsitib» nomli dori mavjud molekulalar orasida ushbu virusga qarshi eng samarali dori bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Fevral oyi boshida 760 bemorda o‘tkazilgan yana bir tadqiqotda «remdesivir» deb nomlangan molekula virusga qarshi samarali ekani va may oyida Xitoyda qo‘llanishi ma'lum qilindi. JSST remdesivir, lopinavir va ritonavir kabi dorilar bo‘yicha izlanishlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Xitoylik olimlar ushbu dorilarni bemorlarda sinab ko‘rishmoqda. Remdesivir preparati hozirgi kunda eng istiqbolli variant hisoblanadi.

JSST tavsiyalari va ko‘rsatmalariga binoan, bemorlarni davolash jarayoni qo‘shimcha kasalliklarni nazorat ostida ushlab turish orqali amalga oshiriladi. Xitoyning kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazi tomonidan berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar 29 745 bemor davolangan.

Ruhiy salomatlik juda muhim!

Xitoydagi epidemiya sog‘liqni saqlash mutaxassislarining ruhiy holatiga ham ta'sir ko‘rsatdi. Infeksion xavf, yuqori javobgarlik, uzoq ish vaqti, kamsitish, yakkalanish, oila a'zolaridan ajralib chiqish, bemorlar o‘limi bilan bog‘liq jarayonlar sog‘liqni saqlash xodimlarining ruhiy zo‘riqishiga olib kelmoqda. Shu sababli sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlaydigan ruhiy-ijtimoiy yordam guruhi tashkil etildi va bu bo‘yicha maxsus qo‘llanma ham yaratildi. Ruhiy salomatlik bilan bog‘liq ayni shunday muammolar kasallik va o‘lim haqidagi yangiliklarga doimiy duch keluvchi har qanday jamiyatda ham paydo bo‘lishi mumkin. Ta'kidlash kerakki, jamoatchilikning ruhiy salomatligini o‘rganish epidemiyaga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutadi.

Bundan keyin nima bo‘ladi?

Juda ko‘pchilikni «Xo‘sh, bundan keyin nima bo‘ladi?» degan savol qiziqtiradi: epidemiya sur'ati pasaymoqdami yo tobora kuchayib boryaptimi?

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Xitoyda davom etayotgan karantin va izolyatsiya amaliyoti samarali bo‘lib, virus tarqalishini kamaytiradi. Biroq ba'zi olimlarning ta'kidlashicha, hozirgi kunda ushbu kasallik Xitoydan boshqa mamlakatlarda ham tez tarqalayotgani sababli pandemiya (global avj) darajasiga yetdi. Harvard sog‘liqni saqlash maktabi mutaxassislarining ta'kidlashicha, hozirgi vaziyat pandemiya mezonlariga javob beradi. Pandemiya – bu epidemiyaning karantin choralarini yengib, dunyoga tarqalishini ifoda etuvchi tushuncha. Pandemiyada ijtimoiy hayotni cheklash, maktablar, kinoteatrlar, ibodat joylari va savdo markazlari kabi jamoat joylarini vaqtincha yopish kabi choralar ko‘rilishi mumkin.

JSST epidemiya pandemiyani keltirib chiqarishi mumkinligini aytmoqda. Avvalroq epidemiya 23 yanvardan 2 fevralgacha cho‘zilib, keyin yana pasaya boshlashi taxmin qilingandi. Ammo virusdan ta'sirlangan odamlar sonidagi haddan tashqari tebranish modellashtirishga asoslangan bashoratlarni yo‘qqa chiqarmoqda. Bu esa yaqin kelajakda nima bo‘lishini taxmin qilishni qiyinlashtirmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bundan keyin epidemiya avjiga chiqadi. Biroq yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra, avj olish martning oxiri va may oyining oxiri orasidagi davrda kutilmoqda.

Dunyoning yetakchi ilmiy jurnallaridan biri bo‘lgan «Nature» nashrida e'lon qilingan eng optimistik ssenariyga ko‘ra, epidemiya o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan payt Xitoyda 1 million odam kasallikka chalinadi. Eng yomon holatda esa butun Xitoy bo‘ylab 550-650 million odam (aholining qariyb 40 foizini) kasallanishi mumkinligi aytilmoqda.

Xavf ostida bo‘lgan davlatlar

Ta'kidlanishicha, Xitoy bilan yaqin aloqada bo‘lgan davlatlar agar tegishli ijtimoiy choralarni ko‘rmasa, epidemik markazlarga aylanishi mumkin. Afrika mamlakatlari, ayniqsa, Nigeriya yuqori xavf ostida. Shuningdek, Efiopiya, Sudan, Angola, Tanzaniya, Gana va Keniya sog‘liqni saqlash tizimining yomonligi sababli xavf ostida bo‘lgan davlatlar sirasida.

Asossiz ma'lumotlar bilan kurash

Covid-19’ga qarshi kurash davom etayotgan bir paytda asossiz ma'umotlar tarqalishi ham epidemiya ko‘rinishini olmoqda. Xitoy bu borada keskin choralarni ko‘rmoqda. Masalan, Xitoyda sakkiz kishi jamoatchilikka yolg‘on xabar tarqatgani uchun hibsga olingan. Asossiz xabarlar asosan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. Ijtimoiy mediadan foydalanish jamiyatda qo‘rquv va keskinlikni keltirib chiqaradi. Ammo tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy media foydalanuvchilarda kasallikning oldini olish xatti-harakatlarida ham samarali bo‘lishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti nafaqat koronavirusning, balki asossiz ma'lumotlarning ham tarqalishiga qarshi kurashayotganini aytmoqda.

Asossiz ma'lumotlar keltirib chiqaradigan muammolardan biri – bu jamoatchilik o‘rtasidagi vahimadir. Niqob zaxiralari tezda kamayishi va sog‘liqni saqlash xizmatlarining bloklanishi, xitoyliklarga nisbatan diskriminatsiya kuchayishi shular jumlasidan.

JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesusning ta'kidlashicha, haddan tashqari bo‘rttirilgan va asossiz ma'lumotlar yoki yangiliklar jamiyatda qo‘rquv va vahima qo‘zg‘atmoqda, bu asosiy epidemiyani boshqarishni qiyinlashtirmoqda. Dunyo bo‘ylab 30ta tasdiqlash agentliklari ushbu soxta yangiliklar bilan kurashmoqda.

JSST tavsiyalari

Asossiz ma'lumotlarga qarshi kurashish uchun JSST tomonidan quyidagi tavsiyalar berilmoqda:

  1. Yangilik manbasiga murojaat qiling, tekshiring;
  2. Yangiliklar tarixiga, yangiliklarning tarkibiy tarixiga e'tibor bering. Tarkibni diqqat bilan o‘qing;
  3. Rasmiy muassasalarning izohlarini ko‘rib chiqing;
  4. Yangiliklarni tasdiqlovchi mahalliy va xorijiy saytlarni kuzatib boring;
  5. Agar siz yangiliklarni o‘zingiz tasdiqlashni xohlasangiz, Xitoy qidiruv tizimlaridan, ijtimoiy media platformalaridan, tarjima dasturlaridan va teskari rasm qidirish saytlaridan foydalaning;
  6. Asossiz, shubhali, ishonchsiz va tasdiqlanmagan yangiliklarni baham ko‘rmang.

Otabek Tillayev tayyorladi 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top