14:27 / 01.03.2020
0
13439

Turkiya 76 mingdan ortiq qochqinni Yevropa hududiga o‘tkazib yubordi. YeI xavotirga tushmoqda

Yevropa Ittifoqi komissiyasi prezidenti Ursula von der Leyen Yevropaga yopirilayotgan muhojirlar oqimini xavotir bilan kuzatganini bidirdi. 

Foto: Reuters

«Yevropa Ittifoqining Turkiya bilan chegarasidagi holatni xavotir bilan yaqindan kuzatib boryapmiz», – dedi u tvitterdagi sahifasida.

U Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Charlz Mishel, shuningdek, Gretsiya va Bolgariya bosh vazirlari bilan doimiy aloqada ekanliklarini bildirgan.

«Bizning hozirgi bosqichdagi eng muhim vazifamiz Yunoniston va Bolgariyani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Biz quruqlikdagi chegaramiz, shuningdek, Yevropa chegara va sohilni himoya qilish agentligi (Frontex) bilan birlikda qo‘shimcha yordam ko‘rsatishga tayyormiz», degan von der Leyen.

Gretsiyaga borish va tunni olov qarshisida o‘tkazish uchun Edirnaga kelgan muhojirlar guruhlari ba'zida Yunoniston politsiyasi tomonidan tashlangan gazli va tovushli granatalarga duchor bo‘lishmoqda.

1 mart holatiga ko‘ra, Turkiya orqali Yevropaga tomon yo‘lga tushgan qochqinlar soni 76 ming 358 nafarni tashkil etmoqda.

Bundan avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat qochqinlarning yangi oqimiga yolg‘iz bardosh bera olmasligini va Turkiya ular uchun YeI chegaralarini ochib yuborishini ma'lum qilgandi.

Anqara Suriyaning Idlib viloyatidagi so‘nggi voqealardan keyin suriyalik qochqinlarning Yevropa tomon harakatini to‘xtatib bo‘lmay qolganini ma'lum qilgan. Aslida Turkiya va YeI o‘rtasidagi 2016 yilgi kelishuvga muvofiq, moliyaviy va gumanitar yordam evaziga Turkiya ularni o‘tkazmasligi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Suriya hukumati qo‘shinlari Idlibda turk harbiylarini o‘qqa tutdi va natijada turkiyalik 33 harbiy halok bo‘lib, 36 harbiy jarohatlandi. Rossiya Mudofaa vazirligi Suriya harbiylari Idlibdagi Bexun punktida joylashgan jangarilarga hujum qilgani, ammo bu hududda turkiyalik harbiylar ham bo‘lgani, lekin ular bu haqda Rossiya tomonini ogohlantirmagani haqida ma'lum qildi. Turkiya esa o‘z harbiylari joylashuvi to‘g‘risidagi ma'lumotlar oldindan yetkazilganini aytmoqda.

Mavzu
Idlib mojarosi
2019 yil dekabrida Suriya armiyasi Idlibni to‘liq egallash uchun yurish boshladi. Turkiya esa Suriya shimolidagi ittifoqchilarini himoya qilish uchun bu hududdagi kuzatuv postlariga minglab harbiylarini jo‘natdi va ikki tomon o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bera boshladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top