23:19 / 02.03.2020
1
55986

19 mingga yaqin mijozdan 57 milliard so‘mdan ortiq pul yig‘ilgan – «Avto 60 oy» ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar

2 mart kuni Interpol milliy markaziy byurosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida «AVTO OLTMISH OY» MChJ mansabdorlari ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar e'lon qilindi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

«Tergov davomida «AVTO OLTMISH OY» MChJ ta'sischisi va boshqa mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va'da qilib, odamlardan transport vositasi turiga qarab 2 mln. so‘mdan 10 mln. so‘mgacha pul olgan, biroq zimmalaridagi majburiyatni to‘liq bajarishmagan.

Tergov davomida 18818 nafar mijoz jamiyatga 57 milliard 412 million so‘m to‘lov qilgani aniqlandi.

Shundan mijozlarga avtomashina sotib olib berish uchun «Qibray avto-moto servis» MChJga 24 milliard 6 million so‘m ko‘chirib berilgan, bu pulga 96 nafar mijozga transport vositasi yetkazib berilgan xolos. Qolganlarga esa avtomashina olib berish yuzasidan majburiyatini bajarish uchun hisob raqamida yetarli pul mablag‘lari mavjud bo‘lmagan.

Mijozlarga yetkazib berilgan 96ta avtomobil ham odamlar jamiyat hisobiga to‘lagan pullar hisobiga olingan. Ertaga jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida bu avtotransport vositasini xatlovdan o‘tkazilsa, ushbu avtomobil egalari ham jabrlanuvchiga aylanib qoladi. Chunki u avtomashinaning faqat boshlang‘ich to‘lovinigina to‘lagan», – dedi IIV huzuridagi Tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i Azizbek Dolixo‘jayev.

Azizbek Dolixo‘jayev.

Ma'lum qilinishicha, jinoyat ishi 2019 yilning 12 oktyabrida Jinoyat kodeksining 188-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan, bunga UzAutoMotors AJning IIVga ushbu MChJning fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil (60 oy) muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan shubhali faoliyat ko‘rsatayotganini bildirib yo‘llagan murojaati yuzasidan tergovga qadar surishtiruv vaqtida aniqlangan holatlar asos bo‘lgan.

«Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi 34 milliard 148 million so‘m bo‘lib, shundan naqd pul shaklidagisi 26 milliard so‘m, xatlangan mol-mulklar esa 8 milliard 148 million so‘mdan iborat.

Hozirda 28ta turli rusumdagi umumiy bahosi 2,1 milliard so‘mga teng bo‘lgan transport vositalarini xatlash choralari ko‘rilmoqda.

MChJ rahbari va uning sheriklari o‘zlarining jinoiy faoliyatlari davomida bir qator MChJlarni tashkil qilgan. Mazkur moliyaviy sub'yektlar ustav jamg‘armasini mijozlar tomonidan topshirilgan pul mablag‘lari evaziga shakllantirganliklari tufayli ushbu jamiyatlarga nisbatan ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va yagona ish yurituvga birlashtirilgan», deydi Azizbek Dolixo‘jayev.

Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Qulbekovning bildirishicha, ish bo‘yicha gumonlanuvchilar ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanmoqda, bir nafar gumonlanuvchiga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Oybek Qulbekov

Hujjatli taftish yakuni bo‘yicha qolgan shaxslar va jamiyatning viloyatlardagi filiallaridagi menejyer hamda kassirlarining harakatlariga huquqiy baho beriladi.

«Jinoyat ishi bo‘yicha Tergov departamenti va uning quyi tizimdagi xodimlaridan iborat tergov guruhi tashkil etilgan bo‘lib, hozirda respublikaning barcha hududlarida tergov harakatlari olib borilyapti va departament tomonidan jamlanib kelinmoqda. Shu paytga qadar 17 ming nafar fuqaro so‘roq qilindi.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov muddati 5 oyga, ya'ni shu yilning 12 martiga qadar uzaytirilgan edi. Jabrlanuvchilarning soni ko‘pligi va ular respublikaning turli hududlaridan bo‘lgani, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida ayblanuvchilarning mijozlardan qabul qilgan pul mablag‘larini qanday maqsadda sarflaganiga aniqlik kiritish uchun tergov muddatini 7 oy, ya'ni 2020 yil 12 mayga qadar uzaytirish chorasi ko‘rilmoqda.

Ayblanuvchilar tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni undirish masalasi sud jarayonida hal etiladi», – deydi Oybek Qulbekov.

Qayd etilishicha, turli hududlarda yashovchi jabrlanuvchilar Toshkentga kelib-ketib ovora bo‘lmasligi uchun joylarda tergov guruhlari tashkil etilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha boshqa jabrlanuvchilar qo‘llaridagi hujjatlar: shartnoma va to‘lov kvitansiyalari bilan O‘zbekistonning barcha tuman va shaharlaridagi ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari mumkin.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top