16:23 / 02.03.2020
0
7657

Koronavirus: aviakompaniyalarning yo‘qotishlari hisoblab chiqildi

Koronavirusning tarqalishi tufayli joriy etilgan cheklovlar fonida aviakompaniyalar zarar ko‘rmoqda. Mamlakatlar rasmiylari ularni qo‘llab-quvvatlashi kerak, deya ma'lum qildi Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi

Foto: Kham / Reuters

Yaqin Sharq aviakompaniyalarining yangi koronavirus tarqalishi tufayli joriy etilgan cheklovlar natijasida ko‘rgan zarari taxminan 100 million dollarga yetdi. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA)ning Afrika va mintaqa bo‘yicha vitse-prezidenti Muhammad Ali al-Bakri ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

Al-Bakrining so‘zlariga ko‘ra, kelgusi haftalarda aviachiptalarga talab pasayadi hamda agar Osiyoga sayohat qilish bo‘yicha cheklovlar uzaytirilsa, unda aviatashuvchilarning foyda olishi xavf ostida qoladi. Aviakompaniyalar ushbu «qiyin davr»dan o‘tib olishi uchun davlat ularga yordam berishi kerak, deya ma'lum qildi IATA rahbari o‘rinbosari. Uning prognoziga ko‘ra, 2020 yilda jahondagi aviakompaniyalar koronavirus tufayli 1,5 milliard dollarni yo‘qotishi mumkin.

Yangi koronavirusning tarqalishi o‘tgan yil dekabr oyidan, u Xitoyda birinchi marta aniqlanganidan beri davom etmoqda. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘plab davlatlar Xitoy bilan havo qatnovini chekladi. Keyinchalik chora-tadbirlar Eron va Janubiy Koreyaga parvozlarni ham qamrab oldi, sababi bu yerda kasallanganlar soni keskin ko‘paydi.

Bundan tashqari, ushbu kasallik haqidagi xabarlar tufayli «xavfli» mamlakatlarga chiptalarni qaytarish boshlandi. 

Koronavirusning tarqalishi bilan bog‘liq moliyaviy yo‘qotishlar sababli, dunyodagi eng yirik aviakompaniyalardan biri bo‘lgan Emirates Airlines 1 mart kuni biznesdagi «sezilarli pasayish»ni e'lon qildi va vazifalari tezkor faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan xodimlardan o‘z hisobidan ta'til olishni so‘radi. Kasallik avj olganligi sababli aviakompaniya Pekinga aviaqatnovdan tashqari, Xitoyning materik qismiga bo‘lgan barcha reyslarini bekor qildi hamda Eronga parvozlarni to‘xtatdi. 

Avvalroq, O‘zbekiston yana ikkita davlat bilan aviaqatnovlarni vaqtinchalik to‘xtatgandi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top