13:48 / 04.03.2020
0
8742

Tashqi reklama qanday talablarga mos bo‘lishi kerak?

Tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) qurish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi

Hujjat bilan tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) umumiy joylashtirish, shu jumladan binolar tashqi qismida o‘rnatish tartibi, shuningdek shahar yoki hududlarning ijtimoiy faolligini, tarixiy-madaniy qiymatini hisobga olgan holda o‘rnatiladigan obektlarning turlari va ko‘rinishlarini, dizaynerlik yechimlari va o‘lchamlari belgilanadi.
 
Norma’ning yozishicha, nizom talablari quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risida axborot joylashtirilgan ma'lumot taxtalari va boshqa texnik vositalar;

reklama xususiyatiga ega bo‘lmagan ma'lumotlar taxtasi;

binolar (inshootlar) tashqarisida va yer osti piyodalar o‘tish joylarida (reklama xususiyatiga ega bo‘lmagan) faqat afisha va e'lonlar joylashtirish (tarqatish) uchun mo‘ljallangan texnik vositalar. Bunday texnik vositalarda afisha va e'lonlarni joylashtirish qonunchilikka muvofiq ayrim tashkilotlarga yoki fuqarolarga yuklatilgan bo‘ladi;

savdo obekti yoki xizmat ko‘rsatish obekti ichki tarafida mahsulotni saqlash, ko‘chirish, qadoqlash, namoyish etishga mo‘ljallangan reklama ko‘rinishidagi mebel, inventar, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar.
 
Nizom bilan tasdiqlangan talablarni amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organlar etib tuman (shahar) hokimliklari belgilangan.
 
Tashqi reklama faoliyati yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi. Respublika hududida o‘rnatilgan tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) mavjud binolarning tashqi me'moriy ko‘rinishiga mos kelishi, ularni joylashtirish joylari esa hududiy rejalashtirish sxemasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) ularga reklama yoki axborot xabari yoki tasvirni joylashtirmasdan o‘rnatishga va foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
 
Tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) reklama joyining pasporti va texnik chizmasi mavjud bo‘lganda o‘rnatiladi. Transport vositalarining harakatlanish zonasida ish olib borishda, obektlar (konstruksiyalarni) o‘rnatishda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi kerak.
 
Tashqi reklamani yo‘l chetidagi maxsus hududda o‘rnatishda ajratuvchi yo‘laklarda va yo‘l chetidan 1 metr va undan kam bo‘lgan masofada joylashgan tashqi reklama obektlari (konstruksiyalar) haydovchi va piyodalar uchun ko‘rishni cheklamasligi lozim. Reklama maydonining pastki chetidan yo‘l qoplamasi yuzasigacha bo‘lgan masofa 5 metrdan kam bo‘lmasligi va texnik vosita konstruksiyasi transport vositalari haydovchilari uchun ko‘rishni cheklamasligi lozim.
 
Quyidagi joylarga alohida turgan obektlarni (konstruksiyalarni) o‘rnatish taqiqlanadi:

trolleybuslarning aloqa tarmoqlari mavjud bo‘lganda, ularning yo‘lga chiqish qismiga;

qatnov qismida va piyodalar yo‘lakchalarida;

jamoat transporti bekatlarida;

yo‘l va ko‘chalar chetlarida 5 metrdan past balandlikda;

bevosita tunnellarga kirish va chiqish joylari yonida va ulardan 5 metrdan yaqin bo‘lmagan masofada.
 
Reklama konstruksiyasini o‘rnatish (montaj qilish), undan foydalanish va olib tashlash bo‘yicha ishlar konstruksiya egasi tomonidan yer uchastkasi, bino va boshqa mulkning mulkdori (balansda saqlovchisi) yoxud ushbu mulk egasi tomonidan vakolatlangan shaxs bilan, elektr ta'minoti tarmoqlariga ulanganda esa elektr ta'minoti liniyalari va tashqi yoritish tarmoqlari uskunalaridan foydalanuvchi tashkilot bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
 
Reklama joyining pasporti Davlat xizmatlari markazlariga ariza yozish orqali olinadi. Bunda barcha zarur hujjatlar va kelishuvlar tegishli davlat xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan mustaqil ravishda jamlanadi. Tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) reklama maydonining pasport raqami va obekt egasining aloqa ma'lumotlarini ko‘rsatgan holda rasmiylashtirilishi kerak. O‘lchami 500 kv.sm dan kam bo‘lgan tashqi reklama uchun haq undirilmaydi.
 
Osma vosita sim arqonli moslama va bevosita reklama maydonidan iborat. Sim arqonlar ustunlarga yoki osma vosita uchun maxsus o‘rnatilgan mahkamlashning texnik imkoniyatiga ega bino va inshootlarga mahkamlanadi. Ular faqat vakolatli organning ruxsati olingandan so‘ng joylashtiriladi va shahar yoritish tarmog‘i ustunlariga ulanmaydi. Yo‘l ustiga osma transparantlar o‘rnatishga ruxsat etilmaydi.
 
Ko‘rsatkichlar ko‘rinishidagi reklama vositalari faqat yuridik yoki jismoniy shaxs haqida axborot berishi, ya'ni ushbu korxonaning emblemasi yoki firma belgisini, nomini va mazkur tashkilot joylashgan manzilini aks ettirishi mumkin. Korxona, mahsulot yoki xizmatlar to‘g‘risidagi boshqa ma'lumotlarning mavjudligi tashqi reklama hisoblanadi. Ko‘rsatkichlar yuridik va jismoniy shaxslar joylashgan joyni aks ettirish uchun ularning joylashgan joyidan 500 metrgacha masofaga o‘rnatilishi mumkin. Axborot ko‘rsatkichlarining o‘lchami 3 kv.metr va uzunligi 2 metrdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
 
Aholiga xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlarning axborot va reklama vositalari peshlavhalar va axborot vositalaridan (axborot konstruksiyalaridan) iborat bo‘ladi. Sutkaning qorong‘i vaqtida peshlavhalar yoritilishi mumkin. Peshlavhaning o‘lchami binoning mazkur peshlavha o‘rnatiladigan tomoni maydonining 5%idan katta bo‘lishi mumkin emas. Hajmi 5,5 kv.m gacha bo‘lgan peshlavhalar tashqi reklama obekti hisoblanmaydi. Peshlavhalarda korxonaning nomi, joylashgan joyi, ish tartibi aks ettirilishi mumkin.
 
Axborot peshlavhalari binoning devorida korxonaga kirish joyi yonida yoki kirish eshigida joylashtirilishi mumkin. Axborot peshlavhasining hajmi 1,0 kv.m dan oshmasligi kerak. Umumiy ovqatlanish korxonalarining axboroti ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bilan iste'molchilarni tanishtirishga mo‘ljallangan majburiy axborot: menyu, preyskurantlar, xizmat ko‘rsatish shartlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar binoning ichkarisida yoki old devorida joylashtiriladi, hajmi 2 kv.m dan oshmasligi kerak.
 
Tashqi reklama obektlarida (konstruksiyalarida) joylashtirilgan teatr va konsert plakatlari, madaniy tadbirlar, sport va boshqa tadbirlar, turli reklama e'lonlari tashqi reklama hisoblanadi. Ularning joylashtirilishi qabul qilingan hujjat talablariga mos kelishi kerak. Umumiy maydoni 2 kv.m dan kam bo‘lgan teatr va konsert plakatlari tashqi reklama joylashtirish uchun to‘lovlardan ozod etiladi. 
 
Tasdiqlangan Nizomda hajmdor reklama konstruksiyalarini, bayroq kompozitsiyalarini, binolarning tomi va devorlarida, shahar mebel obektlarida (bekatlar, tumbalar, taksofonlar), mobil obektlarda o‘rnatiladigan konstruksiyalarni joylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilangan. Shuningdek ayrim reklama turlariga, reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirishga doir talablar, reklama obektlari (konstruksiyalari) egalarining huquq va majburiyatlari qayd etilgan.
 
Hujjat 21.02.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top