08:07 / 05.03.2020
0
4746

AQSh kongressi koronavirusga qarshi kurashga 8,3 mlrd dollar ajratishga rozi bo‘ldi

AQSh kongressi vakillar palatasi koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha 8,3 mlrd dollarlik chora-talbirlar paketini ma'qulladi.

Foto: REUTERS

Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) nashri xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, tegishli qonun loyihasiga quyi palataning 415 a'zosi ovoz bergan, 2 nafarigina qarshi chiqqan.   

Hujjat kasallikni davolash usullarini ishlab chiqishga 3 mlrd dollar, AQShning kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markaziga koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun 2,2 mlrd dollar ajratilishini ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, AQSh xorijiy davlatlarga 1 mlrd dollar yo‘llaydi. 

Oq uy bu maqsadlar uchun 3 marta kamroq mablag‘ – 2,5 mlrd dollar sarflashni rejalashtirgandi. Biroq kongressmenlar bu summani juda oz deb topishgan. Natijada AQSh prezidenti Donald Tramp kongress bu borada ma'qullaydigan har qanday qonun loyihasini imzolashini aytgan.

Bundan tashqari, AQShda koronavirusga qarshi ishlab chiqilayotgan vaksinaning qiymati borasida demokratlar va respublikachilar o‘rtasida bahs chiqqan. Demokratlar vaksinani ishlab chiqish narxi juda oshirib yuborilmasligini talab qilishgan, respublikachilar esa narxning nazorat qilinishi vaksina ishlab chiqilishining cho‘zilib ketishiga olib kelishi mumkinligini aytishgan. Natijada yakuniy qonun loyihasida vaksina va boshqa dorilarning sotib olinishiga 300 mln dollar ajratilishi belgilangan.   

Ayni vaqtda AQShda koronavirusga chalinish bo‘yicha 153 ta holat qayd etilgan, undan 11 kishi halok bo‘lgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top